Breaking News

Maykl Jekson kim edi, siz uchun nima ahamiyatga ega?


Insonning qadri ko'p hollarda u o'tganidan keyin bilinadi deyishadi. Bugun dunyoning qayeriga bormang, kim bilan gaplashmang, qay tarafga qaramang, hammaning og'zida Maykl Jekson...

Pop musiqa qiroli aks etgan tasvirlar, rasmlar, uning betakror musiqasi, ovozi va raqslari...

Maykl Jeksonning muxlisi bo'lmagan insonlar ham uning kutilmagan o'limidan afsusda.

Maykl Jekson oxirgi 10 yil ichida ijodi bilan emas, jinoiy tergovlar, g'alati ko'rinish va harakatlari bilan omma e'tiborida bo'ldi.

30 yildan oshiq davr mobaynida jahon musiqa sanhasidan tushmagan, super yulduz sifatida olamga dong'i ketgan xonanda 50 yoshida to'satdan vafot etdi.

O'limga yetaklagan sabablar aniq emas, uning yurak xurujiga uchragani ma'lum xolos.

Amerika atoqli farzandiga motam tutmoqda. Siyosiy doiralardan tortib, bog'cha bolalarigacha Maykl Jekson deydi.

Oddiy ishqibozlarning ko’z-yoshi u yoqda tursin, hatto prezident Barak Obama va sobiq Davlat kotibi Kolin Pauelgacha, xonanda olamdan o’tganidan qayg’uda. Kongressning har ikki palatasida Maykl Jekson sharafi uchun sukut saqlandi.

Savollarning esa cheki yo'q. Maykl Jekson qanday inson edi?

Yoshligidan qo'shiq aytib, xalq dili va tiliga tushgan yulduz nega omma nigohidan qochar edi?

Qora edi, nega oq bo'ldi? Qora ekanidan uyalarmidi, nafratlanarmidi? Nega normal odamga o'xshamas edi?

Balki ko'rinishini yangilab, irq muhim emasligini, inson istasa, rangni o'zgartirish oson ekanini, eng asosiysi uning qalbi ekanini isbotlamoqchi bo'lgandir?

Uning boyligi kimga qoladi? Uch farzandi kimning otalig'iga o'tadi? Vasiyatida nima degan? Maykl Jeksonning shaxsiy hayoti nega bu qadar sirli edi?

Bu qadar kuchli qiziqish ortida turgan yagona sabab shuki - Maykl Jekson musiqiy daho edi.

U yozgan qo'shiqlar, ohang, u tushgan raqslarni insoniyat hali ko'rmagan, tinglamagan, bilmagan edi.

Oqmisiz yoki qora, yoshmisiz yoki qari, ziyoli yoki savodsiz, nimaga e’tiqod qilishingizdan qat’iy nazar Maykl Jekson har kimning yuragida o't yoqa olar edi.

"Uning maqsadi sevdirish emas edi", deydi uning safdoshi Kvinsi Jouns, "Maykl Jekson odamlarni o'ylantirishni istardi".

Umumbashariy mavzular, yaxshilik va yomonlik, tenglik va tengsizlik, irqchilik va millatchilik, to'g'rilik va egrilik, go'zallik va qo'rqinch, to’qlik va sho’xlik uning qo'shiqlari mazmuni edi.

Maykl Jekson o'zini bir yurt farzandi deb bilmas edi. Qo'shiqlarida hokimiyatni savolga tutsa-da, siyosatdan uzoqda yurardi.

Biroq g'aroyib insonlar hamisha boshqalar diqqat markazida. Uning nomi va nolalari yer yuzining eng olis nuqtalariga ham yetib borgan.

Pop musiqa qiroli abadiyatga kuzatilmoqda, ammo muxlislar qalbida barhayot. Maykl jekson, deydi ular, yulduzlar orasida eng yorqin yulduz bo'lib qoladi.

Maykl Jekson 2002 yilda imzo chekkan vasiyatida boyligini bolalariga berishni, ularga g'amxo'rlik qilish mas'uliyatini esa onasi - Ketrin Jekson zimmasiga topshirishni so'ragan. Ketrin Jekson 79 yoshda.

Maykl to'qqiz farzanddan biri. Akalalari va opalari, uka va singillari ham musiqa olamida tanilgan insonlar. “Lekin Maykl biz uchun ham Maykl Jekson”,- deydi singlisi Janet Jekson, “eng yuqori cho'qqini egallay olgan artist”.

XS
SM
MD
LG