Robiya Qodir uyg'urlar nomidan Xitoyga qator talablar qo'ymoqda


Xitoy hukumati Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatida 5 iyul kuni ro’y bergan qonli namoyishlarda Jahon Uyg’urlari Kongressi rahbari Robiya Qodirni ayblamoqda.

“Urumchidagi namoyishlar zo’ravonlik va ektremistik harakatning bir ko’rinishi”,- deydi Xitoy rasmiylari. Ular nazarida Robiya Qodir boshchiligidagi harakat xalqni isyon ko’tarishga undab, qon to’kishni tashviq qilmoqda.

Robiya Qodir xalqaro maydonda, qahramon ona va yetuk faol sifatida tanilgan. Xitoy ayblovlarining birortasini tan olmaydi.

“Jahon uyg’urlari meni eshitadi, meni quvvatlaydi, meni hurmat qiladi. Bu rost. Qurultoyimiz va kengashimizga o’zining bir vakillik organi deb qaraydi. Bu ham rost. Lekin bugungi to’polon va notinchliklarni Xitoyning o’zi qo’zg’agan. Xalqimning na so’zlash huquqi yo’q, odamdek yashash huquqi yo’q, yo o’z vatanida ishlash huquqi yo’q. Xalqim nolisa, Xitoy hukumati bizni terrorist deb ataydi. Uy’gur ana shu adolatsiz sabab ko’chaga chiqqan”,- deydi Robiya Qodir.

“Bu namoyishlarga mening aloqam yo’q. Xitoy aybni o’zidan qidirsin”,- deydi faol.

“60 yildirki biz Xitoy zulmi ostidamiz. Bizni bu davlat o’z mustamlakasiga aylantirgan. Bostirish ketidan bostirish. Siyosiy tazyiqlarning cheki yo’q. Mana bugungi ahvolning o’zi uyg’ur va xitoylar birga yashay olmasligini isbotlamoqda. Bunday holatga olib borgan ham Xitoyning o’zi”,- deydi Robiya Qodir.

Uning qayd etishicha uyg’urlar hozirda chet mamlakatlardan turib ham Xitoy siyosatini qoralab, xalqaro hamjamiyatni ogohlikka chaqirish maqsadida turli chiqishlar uyushtirmoqda. Vashingtonda ham Xitoy elchixonasi oldida bugun katta piket o’tkaziladi.



Robiya Qodir va uning boshchiligidagi uyg’urlar Xitoyga qator talablar qo’ymoqda:

“Birinchi talabimiz uyg’urlarni millat sifatida tan olish. Ikkinchi talabimiz Xitoy bizning zaminimizni zaharlayotgan zavod-fabrikalarini, odamlarimizga zo’ravonlik qilayotgan harbiylarini olib chiqib ketsin. Uyg’urlar o’z taqdirini o’zi belgilasin. Xitoy qamoqxonalarida o’tirgan barcha uyg’urlar ozod etilsin. Ular Sharqiy Turkistonga, o’z ona yurtiga qaytsin. Bu elat o’ziga o’ziga xo’jayin bo’lsin”.

Robiya Qodir Amerikadan xalqi uchun yordam so’rab keladi. Kongress a’zolari bir necha bor murojaat qilib, ulardan Xitoy bilan aloqalarda uyg’ur masalasini ko’tarishni iltimos qilgan.

“Biz yolg’iz AQShga emas, Yevropa Ittifoqi va BMTga ham murojaat qilib, yordam so’ramoqdamiz. G’arb davlatlaridan ko’mak istayapmiz. Uyg’ur xalqi o’z huquqlari hurmat qilinishini so’rayapti. Qachongacha xalqim ezilib yashaydi? Biz AQSh rahbariyati, Kongessi va uning a’zolariga o’z ahvolimizni tushuntirib, ularga xolis axborot berishga harakat qilayapmiz”,- deydi Robiya Qodir.

Xitoy hukumati Shinjon-Uyg’ur muxtoriyatiga xorij axborot vositalarini kiritmay keladi.

“Bugungi vaziyat haqida faqat davlat matbuoti, tele va radio kanallar ma’lumot tarqatmoqda xolos”, - deydi Tursun Muhammad, Yevropadagi uyg’ur faollardan biri.

Qashg’arda qadim tarixga ega mahalla va mavzelar buzilib, o’rniga zamonaviy imoratlar qurilishi rejalangan. Bu ham uyg’urlar noroziligiga sabab bo’lgan. Hukumat yangi uy-joy quriladi desa, aholi uyg’ur madaniyati yakson qilinmoqda deb shikoyat qiladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG