Prezident Obama Italiyadagi sammit natijalaridan mamnun


Italiyada Katta Sakkizlik sammitida ishtirok etgan prezident Obamaning aytishicha, anjuman ishtirokchilari iqlim o'zgarishi va zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni kamaytirish bo'yicha tarixiy murosaga kelishgan.

"Rivojlangan davlatlar haroratning ikki darajaga ko'tarilishining ahamiyatini anglab yetib, atmosferani toza tutishga, chiqindilarni kamaytirishga chora ko'rishga ilk bor kelishib oldi," deydi Obama.

Akvilda o'tgan sammitda 17 davlat rahbarlari ishtirok etdi. Ular 2050 yilgacha zararli gazlarning atmosferaga chiqishini 80 foizga qisqartirishga ahdlashdi. Ammo davlat rahbarlari umumiy kelishuvga kelgan, masala tafsilotlariga to'xtalmagan.

Prezident Obamaning aytishicha, yirik davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlar xavotirlarini ham inobatga olishi kerak, chunki tilga olingan choralar ularning iqtisodiy taraqqiyotini sekinlashtirishi mumkin. Iqtisodiy rivojlanish, toza energiya va chiqindilarni kamaytirish choralarini muvofiqlashtirish lozim, deydi u.

"Boshlanishi yomon emas. Ammo yutuqlar vaqt talab qiladi," deydi Obama.

Unga ko'ra, iqlim o'zgarishiga bir mamlakat aybdor emas, muammo yechimi ham bir mamlakat qo'lida emas, uni birgalikda hal qilish kerak.

"Yoki biz o'zimiz kelajakni belgilaymiz yoki buni taqdirga qo'yib beramiz," deydi Obama.

Atrof-muhit muhofazasi bilan shug'ullanuvchi tashkilotlar Akvilda kelishilgan qarorlar yetarlimas demoqda. BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun choralarni 2050 yilgacha kutmay, ertaroq amalga oshira boshlash lozim deydi. Dekabrda Daniya poytaxti Kopengagenda iqlim o'zgarishiga bag'ishlangan yirik anjuman bo'ladi.

Akvildagi sammitda boy davlatlar qashshoq mamlakatlarga qishloq xo'jalik sohasi taraqqiyoti uchun 20 milliard dollarlik yordam ko'rsatishga kelishib oldilar.

Bugun Barak Obama Vatikanda Rim Papasi Benedikt bilan uchrashdi. So'ng AQSh prezidenti Afrikaga, Ganaga yo'l oldi.

XS
SM
MD
LG