Uyg'ur masalasi Turkiya-Xitoy aloqalariga sovuqlik olib kirgan


Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog’an Urumchidagi qonli voqealarni “vahshiyona” deya ta’riflagan. Bu bayonot Anqara-Pekin aloqalariga ta’sir qilishi mumkin.

Erdog’an uyg’urlarga qarshi zo’ravonlik uchun mas’ul kishilar javobgarlikka tortilishi kerak, demoqda.

“Katta Sakkizlik” sammitiga jo’nashdan oldin bergan bayonotida vazir Jahon Uyg’urlar Kongressi yetakchisi Robiya Qodir Turkiyaga kelishi mumkin, unga viza berishga tayyormiz, degan.

Bu so’zlar Anqara tashqi siyosatida o’zgarish ro’y berayotganidan dalolatdir.

Anqara Universiteti professori, asli qashg’arlik, uyg’ur tili va adabiyoti bo’yicha mutaxassis, qariyb 20 yildan beri Turkiyada ilm qilayotgan Erkin Emet fikricha, Erdog’an turk jamoatchiligi Uyg’urlar masalasiga nisbatan hozirgi etiborni nazarda tutishga majbur:

“Turkiyaning Xitoyga emas, Xitoyning Turkiyaga ehtiyoji bor”, - deydi u. Olim ikki davlat aloqalarini tahlil qilar ekan, Xitoy hech vaqt bergan va’dalaridan turmagan, Turkiya tijoriy va siyosiy jihatdan zarar ko’rgan, deydi.

Turkiya rasmiylari Pekinda uyg’ur masalasiga e’tibor qaratishni talab qilmoqda. Aks holda Xitoy mollarini boykot qilamiz, deydi ular. Olim Erkin Emet nazarida Xitoy bu o’zgarish va tanqidlardan hursand emas.

“Turkiya Robiya Qodirga viza bersa, bu – Turkiya Jahon Uyg’urlari Kongressini qabul qildi, degan gap. Bundan tashqari, Turkiya Urumchidagi voqealarda uyg’urlar haq deb tan olgan bo’ladi. Xitoy, albatta, bunga qarshi. Rasmiy Pekin “Turkiya uyg’ur bo’lginchilarini qo’llab-quvvatlasa, biz Kurdiston ishchilar partiyasi jangarilarini qo’llab-quvvatlaymiz” deb qo’rqitib keladi. Har holda ikki davlat aloqalarida muammo yuzaga kelishi aniq, menimcha.”

Erkin Emet fikricha, bu tortishuv Markaziy Osiyoga ham ta’sir qilishi mumkin.

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kuchaygani sari, Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri oshgani sari Turkiyaning mintaqada ta’siri, o’rni zaiflashadi. Turkiya NATO – Shimoliy Atlantika harbiy bloki a’zosi. Bundan tashqari, Anqara Yevropa Ittifoqiga kirish niyatida. Bir paytning o’zida Turkiya Markaziy Osiyo davlatlari bilan qardosh mamlakat. Mintaqa bozorlariga qarang – ham Xitoy, ham Turkiya mollarini ko’rasiz".

Olim nazarida Turkiya-Xitoy munosabatlari buzilsa, Markaziy Osiyo davlatlari Xitoyga yon bosadi, chunki chegara yaqin, siyosiy tizimi ham o’xshash – yopiq jamiyatlar.

"Mintaqa davlatlarida Xitoy bilan munosabatlarni yaxshilasak, biz uchun foyda bo’ladi, degan qarash bor”, - deydi Erkin Emet.

XS
SM
MD
LG