Qirg'izistonda uyg'urlar harakati kuzatuv ostida


Qirg’iziston 75 ming uyg’ur uchun vatan. Mutaxassislar fikricha, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bu davlatda uyg’urlar harakati cheklangan, bu elat faollari siquvda.

Qirg’izistonda uyg’urlar jamiyati yetakchisi Tursun Islomning aytishicha, Urumchida ro’y berayotgan hodisalar Qirg’iziston matbuotida kam yoritilgan.

Ma’lumotlar, asosan, Xitoy axborot manbalariga asoslanadi. Qirg’izistondagi yosh uyg’urlar namoyish o’tkazish istagini bildirgan, ammo rasmiy Bishkek bunga ijozat bermayapti:

“Bizda 23 iyulda prezident saylovlari o’tadi. Shuning uchun saylov vaqtida chiqmang, deb ko’rsatma berilgan. Yomon so’z aytilmadi, bosim bo’lgani yo’q”.

Qirg’izistondagi uyg’urlar mintaqa rahbarlariga murojaat qilib, Sharqiy Turkistondagi vaziyatni tushuntirishga, uyg’ur muammosini yetkazishga harakat qilmoqda. Tursun Islom nazarida Urumchi hodisalari birdaniga yuzaga chiqqan emas. Bu rasmiy Pekin uzoq yillar olib borgan qo’pol siyosat mahsuli:

“Matbuotda aytilishicha, Xitoy hukumati uyg’ur millatini yo’q qilish uchun olti usulni qo’llamoqda. Til va dinini siqib chiqarish, xitoylarni ko’chirish, uyg’ur ayollari orasida tug’ilishni kamaytirish va hokazo. Xitoy hukumati ochiqdan-ochiq genotsid – millatni qirish yo’liga o’tdi. Xitoylar hech kimdan qo’rqmaydi. Dunyo davlatlari, xalqaro tashkilotlar e’tibor bermasa bo’lmaydi, uyg’ur xalqi juda xo’rlanmoqda”.

Tursun Islomning aytishicha, Xitoy Shanhay Hamkorlik Tashkiloti orqali Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, Qirg’izistonga ham bosim o’tkazmoqda:

“Shanxay Hamkorlik Tashkiloti faqat Xitoy manfaatlariniga foyda. Unga a’zo davlatlar Pekinning bosimi ostida. Hech qachon unutmaymiz – Islom Karimov bir uyg’ur yigitini Xitoyga ikki qo’llab tutqizib yubordi. 1991 yilda mustaqil davlatlar paydo bo’lib, erkin nafas olamiz deb o’ylagan edik. Aksincha, Markariy Osiyo davlatlari uyg'urlarga xiyonat qildi”.

XS
SM
MD
LG