Turkiya va Yevropa Ittifoqi Nabukko loyihasini imzoladi


Turkiya va Yevropa Ittifoqiga a'zo 4 davlat Kaspiy dengizi gazini Yevropaga uzatishga kelishib oldi. Turkiya tranzit nuqtasi bo'lib xizmat qiladi. Nabukko deb nomlangan loyiha orqali Yevropa Rossiya gaziga tobeligini kamaytirmoqchi.

Yevropa Ittifoqi a'zolaridan Bolgariya, Avstriya, Ruminiya va Vengriya hamda Turkiya bosh vazirlari hujjatni Anqarada imzolagan. Marosimda Yevropa Komissiyasi prezidenti Joze Manuel Barrozo, AQSh maxsus vakili Richard Moningstar va Iroq Bosh vaziri Nuri Al Malikiy ham ishtirok etgan.

Rejaga ko'ra, Nabukko quvuri Rossiya va Ukrainani chetlab, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya hududlari orqali Yevropagacha yotqiziladi. Gaz Ozarbayjondan keladi. Iroq va Turkmaniston ham o'z gazini sotishi mumkin. Quvur 2014 yilda ishga tushishi rejalanib, u orqali 10 milliard kubometrgacha gaz o'tishi mumkin.

Joze Manuel Barrozoning aytishicha, Nabukko Yevropaning Markaziy Osiyo va Turkiya bilan aloqalarini kuchaytirishga xizmat qiladi. Loyihani o'ziga raqobat deb bilgan Rossiya muqobil quvurlarni, xususan Markaziy Osiyo va o'z gazini Bolqonga uzatishni rejalagan "Janubiy oqim" nomini olgan quvur loyihasini olg'a surmoqda.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyib Erdog'an Rossiya va Eronni hamkorlikka chaqirgan. O'zbekiston ham loyihada ishtirok etishi mumkin, deya xabar beradi Rossiyaning "RIA Novosti" agentligi.

Rossiya va Ukraina o'rtasida gaz narxi bo'yicha kelishmovchiliklar Yevropaning bir qismini qahraton qish kunlarida gazsiz qoldirgach, ittifoq Rossiyani gaz va neftdan siyosiy qurol sifatida foydalanyotganlikda ayblab, muqobil quvurlar izlashga tushgan.

Jahon energetika kengashining Turkiya bo'limi vakili Najdat Pamirning aytishicha, quvur Turkiyani Yevropaga yanada yaqinlashtiradi, gaz tranzitidan tushgan pul mamlakat iqtisodiyotiga foyda keltiradi.

XS
SM
MD
LG