Breaking News

Rossiyalik ekolog Amerikada yuksak mukofot bilan taqdirlandi


Rossiyalik ekolog Olga Speranskaya amerikalik saxovatpesha Richard Goldman nomi berilgan yuksak mukofotga loyiq deb topilgan.

Speranskaya atrof-muhit muhofazasi uchun kurashuvchi nohukumat tizim ishlab chiqqani uchun taqdirlanmoqda.

Richard Goldman mukofotiga 1990 yilda asos solingan. Maqsad ekolog olimlar, tashabbuskor va tabiatparvar insonlarni e'zozlash. Mukofot g’olibi 150 ming dollar oladi.

Bu yilgi olti sovrindordan biri rossiyalik Olga Speranskaya 1992 yilda “Kommunizm yemirilishining ekologiyaga ta'siri” degan maqolasi bilan sobiq Sovet Ittifoqi va jahon bo’ylab katta shov-shuv uyg'otgan edi.

Speranskaya Rossiya, Qozog'iston, Gruziya va Ozarbayjonda izlanishlar olib borib, qishloq xo'jaligi va og'ir sanoatda ishlatiladigan kimyoviy moddalar va ularning chiqindilari qayerga ketishi haqida o'rgangan.

"Zaharli moddalar va kimyoviy chiqindilar mamlakat va butun region aholisi hayotiga katta tahdiddir. Buni hozir anglab yetmasak, kelajakda asoratlari ayanchli bo’lishi mumkin", - deydi olima.

Muammo sabablari oddiy. Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari, deydi Speranskaya, qishloq xo'jaligini rivojlantirishda ilg'or texnologiyalardan foydalanishga kamroq e'tibor beradi. Shu sabab, sanoatdan ajralib chiqayotgan zaharli moddalar yo'qolmay, yerga singib, keyinchalik chuchuk suvlarga aralashib ketmoqda. Buni ichgan qoramol va parrandalar go'shtini esa insonlar iste'mol qiladi va ularning salomatligi xavf ostida.

"Oqibatda ishqorlar oilasiga kiruvchi va inson organizmini yemiradigan dioksin moddasi tovuq go’shti va tuxumda borligi aniqlandi. Rossiyada dioksin moddasi Yevropadagi me’yorlarga qaraganda 14 barobar yuqori", - deydi Speranskaya.

Olga Speranskaya Moskvada “Eco-Akkord” degan iyushma tuzgan. Unga hozir 3000 ga yaqin mayda tashkilotlar a’zo. Ular ekologiya uchun birgalikda kurashadi. Internet orqali jamoatchilikni mavjud xavf haqida ogoh qilib turadi.

"Biz olib borayotgan say-harakatlar kelajak avlod salomatligi uchun xizmat qiladi degan umiddaman. Sayyoramiz toza, sog’lom va yashil bo’lib qoladi deb niyat qilaman", - deydi Olga Speranskaya.

Ayni damda yer yuzida 70 mingga yaqin zaharli modda insonlarning kundalik hayotiga ta’sir qilib kelmoqda. Afsuski, deydi olimlar, ko'pchilik ularni payqamaydi.

XS
SM
MD
LG