Prezident Obama ta'lim tizimini isloh qilmoqchi


AQSh prezidenti Barak Obama ishsiz qolgan millionlab amerikaliklarga qo'shimcha bilim berish va kollejlar faoliyatini yaxshilash maqsadida 12 milliard dollarlik dasturni taklif qilmoqda. Obama bu haqda mamlakatda ishsizlik darajasi eng yuqori Michigan shtatida so'zlagan. Shtatda ishsizlik 14 foizga chiqqan.

"Odamlarga qo'shimcha hunar berib, ularga og'ir kunlarda yordam berish kerak. Qachonki ta'limga katta e'tibor berilsa, shundagina mamlakat rivojlanadi," deydi Obama.

AQSh rahbari Uorren shahridagi ikki yillik kollejda so'zlagan. U taklif qilayotgan 12 milliard dollarlik dastur 10 yilga mo'ljallangan bo'lib, kollejlarni yaxshilash, ta'mirlash va yangilarini qurishni ko'zda tutadi. Obamaning aytishicha, tobora ko'p ishlar ilmiy daraja bo'lishini talab qilyapti.

"Shu sabab," deydi u, "odamlar malakasini oshirish lozim va kollejlar ana shunga xizmat qiladi."

2020 yilga borib AQSh kollej bitiruvchilari soni bo'yicha jahonda yetakchi o'rinda bo'lishi kerak. Buning uchun grantlar va soliq imtiyozlari miqdori oshirilib, kollejdan moddiy yordam olish qoidalari osonlashtirildi, deydi Obama.

"21-asr ta'lim tizimi poydevorini solib qo'ydik. Bu bizga Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlar bilan raqobatlashishga imkon beradi," deydi Obama.

Mamlakat bo'ylab ishsizlik so'nggi 26 yil ichida eng yuqori nuqtaga chiqib, 9,5 foizni tashkil etmoqda. Prezident ishsizlik kelasi bir necha oy ichida yanada o'sishini ta'kidlagan.

Kongressdagi respublikachi qonunchilar Obamaning iqtisodiy tashabbuslari qimmatga tushyapti, ammo natijadan darak yo'q deydi.

XS
SM
MD
LG