AQSh musulmonlari siyosatdagi o'zgarishni amalda ko'rmoqchi


Prezident Barak Obama islom dunyosi bilan yangicha, hurmat va manfaatga asoslangan aloqalarni yo’lga qo’ymoqchi. Uning Misrda qilgan murojaati ijobiy qabul qilingan. Musulmonlar AQSh hukumatidan endi amaliy qadamlar kutmoqda.

Yaqinda bir guruh diplomat, olim va faollar bu maqsadga qanday qilib erishish borasida maslahat-ko’rsatmalar bilan chiqdi.

2001 yilning 11 sentabr voqealari AQSh va musulmonlar orasida keskinlik yasab, munosabatlar taranglashishiga olib keldi. Islom dini terrorizm bilan bog’langani Amerikaga qarshi kayfiyatni avj oldirdi.

Prezident Obama musulmon dunyosiga qaratilgan nutqida, aloqalarni yangidan, hurmatga asoslab boshlaylik deydi.

"Muammolar talaygina, lekin bir-birimizga quloq tutib ularga yechim topa olamiz. Oradagi tafovutlarni ilgari surib, tinchlik istamayidgan, adolat va rivojlanishga qarshi turgan guruhlarga munosib javob shu", - deydi AQSh prezidenti.

Obamaga ko’ra, islom dini yovuzlik manbai emas.

Diniy ta’limot bo’yicha professor Shon Keysi, aynan shu qarashni yoyish uchun prezident Misrga borgan deydi.

"O’z nutqida Obama, ektremistlar butun musulmon jamiyatini aks ettirmaydi, ular bir kichik guruh xolos, deya ta’kidladi. Musulmonlar terrorist degan tasavvur yanglish ekanini amerikaliklarga uqtirish uchun endi ancha harakat qilishi lozim", - deydi olim.

AQSh bo’ylab 1000 dan ziyod masjid va islomiy markazlar 7 millionga yaqin musulmonlar uchun xizmat qiladi.

Vashingtondagi Misr elchixonasi rasmiysi Amr Ramazonga ko’ra, AQSh va islom dunyosi orasidagi qarama-qarshiliklar diniy emas siyosiy asosga ega.

Musulmonlarning aksariyati, deydi u, Obamadan Falastin-Isroil mojarosiga yechim topishni kutmoqda. Bu maqsadda prezident turli jamoalar bilan til topishishga harakat qilishi lozim.

"AQSh rahbarining Misrdagi nutqidan so’ng, Amerikadagi ko’pchilik nasroniylar musulmonlar bilan aloqani kuchaytayotgani ko’zga tashlanadi. Buni ijobiy qadam sifatida baholash mumkin", - deydi Ramazon.

Amerika-Islom aloqalari kengashi rahbari Nihad Avazga ko’ra, prezident Obama musulmonlarga nisbatan diskriminatsiyaga chek qo’yish borasida ko’proq gapirib turishi lozim.

"Yangi hukumat va faollar ko’pchilikni bezdirib qo’ygan islomofobiyaga qarshi kurashmog’i kerak. 11 sentabrdan so’ng musulmonlar ko’p bora tahqirlangan", - deydi janob Avaz.

Musulmon faol, qo’shiqchi Yusuf Islom, bir paytlar Ket Stivens ismi bilan tanilgan. U yaqin kunlargacha Amerikaga kirish huquqidan mahrum qilingan edi.

Nihad Avazga ko’ra, AQSh hukumatining viza berish siyosati isloh qilinishi zarur, toki musulmon ziyolilar, biznes vakillari Amerikaga safar qilishda to’siq va bosimga uchramasin.

Prezident barcha ishni eplay olishi qiyin, deydi Avaz, bu borada Kongress ham yordam bersa, natijaga ancha tez erishsa bo’lardi.

XS
SM
MD
LG