Breaking News

Qozoq, qirg'iz samolyotlari Yevropaga uchishi taqiqlangan


Yevropa Komissiyasi, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan va shu sababli Yevropaga uchishi man qilingan aviakompaniyalar ro’yxatini e’lon qilgan. Unda, jumladan, Qozog’iston va Qirg’izistonning deyarli barcha xususiy aviakompaniyalari bor.

Yevropa Komissiyasi ro’yxatida 194 kompaniya nomi keltiriladi. Bu jadvalni tuzishdan maqsad, deydi Yevropa Komissiyasining Transport bo’yicha bo’limi rasmiysi Fabio Pirotta, ishonchsiz samolyotlarni Yevropa yaqiniga yo’latmaslik.

Qozog’istonning 70, Qirg’izistonning 23 aviakompaniyasi “qora ro’yxat”ga tushgan. Asosan Sovet davridan qolgan samolyotlardan foydalanuvchi Kyrgyz Trans, Air Almaty, Almaty Aviation, Kazair Jet, Kazavia, Kyrgyztrans Avia va boshqalar. “Aerobus” va “Boeing” kabi yangi samolyotlarga ega “O’zbekiston Havo Yo’llari” esa ro’yxatda qayd etilmagan.

“Ro’yxat yiliga uch-to’rt marta yangilanadi,” – deydi Fabio Pirotta.

“Aviakompaniyalar har bir davlatning o’zida yoki Yevropa Aviatsiya Xavfsizligi Agentligi va Xalqaro Fuqarolik Aviatsiyasi Tashkiloti tomonidan tekshiriladi. Bu tashkilotlar alohida hisobot tayyorlab, texnik nosozlik bor-yo’qligini aytadi. Shundan so’ng Yevropa Komissiyasi xulosa chiqaradi”, - deydi rasmiy.

Oddiy qilib aytganda, bu aviakompaniyalar bexatar emas.

“Yevropada uchayotgan yo’lovchi xavfsizligini ta’minlash esa bizning majburiyatimiz. Ro’yxat profilaktika – halokatdan saqlanish vazifasini o’taydi. Kompaniya ro’yxatga bekordan-bekorga tushmaydi. O’sha davlat rasmiylari taqdim etgan hisobot asosida Yevropa Komissiyasi qaror chiqaradi. Vaqt o’tib, kompaniya xavfsizlik choralarini kuchaytirsa, uni ro’yxatdan ochiramiz. Bu ro’yxatni jazo chorasi deb ko’rmaslik kerak,” – deydi janob Pirotta.

Bunday “qora ro’yxat” tuzish tashabbusi 2004 yilda paydo bo’lgan edi. O’shanda Misrga qarashli “Flash” aviakompaniyasi samolyoti qulab, 148 kishi o’lgan. Ma’lum bo’lishicha, kompaniya Shveytsariyada uchishi man qilingan, ammo yo’lovchilar - aksariyati Fransiya fuqarolari – bundan xabari bo’lmagan.

Markaziy Osiyo va Yevropa o’rtasida nafaqat mahalliy, balki xorij aviakompaniyalari ham qatnaydi. “Turkiya havo yo’llari”, “Aeroflot”, “Luftganza”, KLM ana shulardan.

XS
SM
MD
LG