Kongress Guantanamo masalasi bo'yicha Pentagondan norozi


AQSh Kongressida uyg'urlar masalasi bo'yicha navbatdagi tinglov o'tkazildi. Qonunchilar Guantanamoda saqlanayotgan mahbuslar, xususan uyg'ur mahbuslari bilan muloqot qilish imkoniyati yo'qligidan noligan.

"Nega AQSh hukumati Xitoy tergovchilariga Guantanamodagi uyg'urlarni so'roq qilishga ruxsat berganu, o'z kongressmenlarini mahbuslarga yaqinlashtirmayapti? Nega AQShga raqib, kommunistik, inson huquqlarini poy-mol etuvchi Xitoy maxsus agentlari Amerikaga qarashli qamoqxona mahbuslarini nazoratsiz, o'z bilganicha so'roq qiladiyu, xalq tomonidan saylangan, Guantanamo uchun pul ajratgan, mamlakat xavfsizligini o'ylab ish tutuvchi Kongress a'zolari ular bilan hattoki muloqot ham qila olmaydi" deydi hafsalasi pir bo'lgan kongressmenlar.

Tinglovda guvohlik bergan advokat Jeyson Pinni buning sababini tushuntiradi.

"2002-2003 yillari AQSh Iroqqa qarshi urushda Xitoyning siyosiy yordamiga muhtoj bo'lgan. Shu sabab ikki tomon kelishib olgan. Xitoy Iroqning AQSh tomonidan bosib olinishiga qarshilik ko'rsatmaydi, Qo'shma Shtatlar esa uyg'ur tashkilotini terrorchi deb belgilashga rozi bo'ladi," deydi Guantanamodagi uyg'ur mahbuslari ishi bilan shug'ullangan huquqshunos.

Kongress Tashqi ishlar qo'mitasining xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari va nazorat quyi qo'mitasining besh a'zosi kechagi tinglovda ikki soat mobaynida Pentagon vakilidan AQShning Xitoy bilan mahbuslarni so'roq qilish bo'yicha kelishuvi haqida ma'lumot olishga harakat qildi. Biroq Pentagon rasmiysi ma'lumot maxfiy ekaniga ishora qilib, javob berishdan bosh tortdi. Shundan so'ng kongressmenlardan biri asabiylashdi.

Virjiniya shtatidan demokrat kongressmen Jim Moran mudofaa vazirligi rasmiysini so'roqqa tutib, undan savolga aniq va ravshan javob berishni keskin talab qildi.

Tinglovda qonunchilar oldida so'zlagan yana bir advokat Bryus Fayn Kongress bunday masalalarda ijroiya hokimiyatga nisbatan qattiqroq siyosat o'tkazishi kerak deydi.

"Agar Kongress "qonunchilarga Guantanamodagi mahbuslar bilan uchrashishga to'siq qo'yilgan taqdirda ularni saqlash uchun pul ajratilmaydi" degan maxsus qonun qabul qilsa, muammo hal bo'ladi," deydi Feyn.

Quyi qo'mita raisi, Massachusetts shtatidan demokrat kongressmen Uilyam Delaxant uyg'urlar masalasiga bag'ishlangan har bir tinglovda Jorj Vashington so'zlarini eslatadi.

"AQShning birinchi prezidenti aytgan ediki, Amerika xo'rlikdan qochib, jahonning istalgan nuqtasidan boshpana izlab kelgan har bir odamga panoh bo'la olishi kerak. Ammo afsuski," deydi kongressmen Delaxant, "Xitoy kommunistlarini qamoqxonamizga kiritib, Pekin zulmidan qochgan odamlar hayotini xavf ostiga qo'yapmiz.

Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Xitoy agentlariga nafaqat mahbuslar bo'yicha to'liq ma'lumotni, balki ularning oila-a'zolari haqidagi axborotni ham ulashib, mas'uliyatsizlik qilgan.

XS
SM
MD
LG