Qirg'iziston chegarasida bir necha terrorchi yo'q qilingan


Rasmiy xabarlarga ko'ra, Qirg'iziston janubida chet elda terroristik tayyorgarlikdan o’tgani da’vo qilingan jangarilarni qo’lga olish bo’yicha maxsus operatsiya o’tkazilgan.

To’qnashuvlarda jangarilardan ba'zilari otib o’ldirilgani, ba'zilari esa qo'lga olingani borasida ma'lumotlar bor.

Janubiy Qirg'izistonning Jalol-Obod va O'zgan shaharlarida terrorchilarga qarshi huquq-tartibot tizimlari tomonidan maxsus amaliyot o'tkazilgan edi. Milliy Xavfsizlik Xizmatining matbuot xizmatiga ko'ra, yakson qilingan jangarlar “Islom Jihodi Ittifoqi” tarkibidan bo'lishgan. Rasmiylar jangarilarning bir qismini xorijdan kelganini va o'sha yerda maxsus tayyorgarlik ko'rganini aytishadi.

O'shlik tahlilchi Odiljon Obidovga ko'ra, Afg'oniston va Pokistondagi vaziyat keskinlashgani sabab, u yerdagi jangarilar Markaziy Osiyo davlatlariga kelish ehtimoli katta.

"Ular o'z harakatlari bilan Farg'ona vodiysi tinchligiga rahna solishi mumkun", - deydi tahlilchi .
Mahalliy mutaxassislar nazarida, so'z faqat bir necha terrorchi haqida ketmayapti. Bunday guruhlarning ko'payishi tashvishga molikdir.

Terrorchilarning xatti-harakati bahona dindorlarga qarshi bosim kuchayganmi, degan savolga, huquqshunos Sodiq Mahmudov izoh kiritadi.

"Oddiy dindorlarga qarshi davlat katta bosim o'tkazayapti deyolmayman. Lekin Novqatdagi voqealarga nazar tashlaganimizda, u yerda bir-necha gunohsiz insonlar qamalib ketti. Davlat tizimlari faqat jinoyatchilarni jazolashi kerak", - deydi Mahmudov.

Tahlilchilar nazarida, Qirg'iziston musulmonlari davlatning diniy ekstremizimga qarshi kurash siyosatini quvvatlaydi. O'z navbatida davlat ham dindorlarga qarshi repressiv choralar qo'llamasligi kerak. Chnki, bunday choralar dindorlarning radikallashishiga olib keladi.

Tahlilchi Odiljon Obidovga ko'ra, o'lkadagi xavfsizlikni ta'minlash uchun avvalam bor chegaralarni mustahkamlash darkor.

"Zikr qilingan xatarni kamaytirish maqsadida tog'dagi ochiq yo'llarni kuzatuv ostiga olish lozim, qo'shni mamlakatlar bilan terrorizmga qarshi hamkorlikda kurashish kerak", - deydi tahlilchi.

Qirg'iz maxsus xizmati amaliyotlari yakunlangach O'sh shahrida ikki qo'shni davlat – Qirg'iziston va O'zbekiston huquq-tartibot organlari rahbarlarining uchrashuvi o'tkazilgan.
Muzokaralar natijasida tomonlar terrorchilarga qarshi hamjihatlikda kurashishga, ma'lumot almashish va chegara xavfsizligini kuchaytirishga qaratilgan kelishuvlarga imzo qo'yishgan.

XS
SM
MD
LG