Klinton: AQSh Hindiston-Pokiston muloqotiga aralashmaydi


Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Qo’shma Shtatlar Hindiston-Pokiston aloqalariga aralashmoqchi emas.

Pokiston bilan murosa qil, deb Hindistonni majbur qilishga hech kimning haqqi yo’q.

Bu – ikki davlat orasida hal qilinadigan masala, deydi Klinton. Hindistonga safar qilayotgan AQSh rasmiysi o’tgan yilgi Mumbay xuruji qurbonlarini yodga olgan.

Bu hujum Pokistonda asoslangan jangarilar ishi ekani aytiladi.

Joriy hafta Pokiston va Hindiston bosh vazirlari Misrda uchrashib, Mumbay xurujidan so’ng sovuqlashgan aloqalarni yaxshilash borasida gaplashgan. Obama ma’muriyati bu tashabbusdan mamnun.

Ba’zilar nazarida AQSh muloqot jonlansin, deya Dehliga bosim o’tkazmoqda. Vaholanki, Mumbay fojeasi va buning uchun mas’ul Pokiston jangarilari masalasi hamon ochiq qolmoqda, deydi ular.

Hindistonda muxbirlar bilan uchrashgan Xillari Klinton fikricha, oxirgi yarim yilda Pokiston terrorizmga qarshi keskin chora ko’ra boshlagan. Mumbay xuruji uchun javobgar shaxslar tez kunda jazosini oladi, degan umiddamiz, deydi Klinton.

Biroq uzoq yillik raqibi va qo’shnisi bilan murosa qilish-qilmaslik Hindistonning shaxsiy ishi.

“Hindiston va Pokiston hukumatlari bu qarorni mustaqil qabul qiladi”,- deydi u. “Albatta, Qo’shma Shtatlar tinchlik sar qo’yilgan har qanday qadamni qo’llab-quvvatlaydi. Ammo birovga yon bosib, buni qil, uni qilma, demoqchi emasmiz. AQSh Hindiston suverenitetini hurmat qiladi,” – deydi Davlat kotibasi Xillari Klinton.

Rasmiy 2008 yil noyabrida nishonga olingan Toj Mahal va Oberoy mehmonxonalarini ziyorat qilgan. 11 sentyabr xurujini boshidan kechirgan Amerika xalqi Mumbay shahri va Hindiston ahliga hamdard, deydi Klinton.

XS
SM
MD
LG