Sharhlovchilar: Chegaradagi taranglik jiddiy nizoga olib kelishi mumkin


Toshkent va Bishkek o’rtasidagi keskinliklar davom etar ekan, o’zbek jamoasi faollari bu ziddiyatlar Qirg’izistondagi o’zbeklar hayotida aks etayotgani haqida ogohlantirmoqda.

23 iyul kuni Qirg’iziston xalqi prezidentni saylaydi. Saylovlar O’zbekiston bilan aloqalar ancha sovuqlashgan bir davrga to’g’ri kelmoqda. Bir necha bor ziddiyatli nuqtaga ham yetgan.

O’zbeklar Qirg’iziston aholisining katta bir qismini tashkil etadi, mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda faol qatnashib keladi.

Qirg'izistondagi o'zbeklar amaldagi prezidentni qo'llaydi

Siyosatdonlar nazarida saylovda amaldagi prezident Qurmanbek Bakiyevning imkoniyatlari ko’proq. Uning prezidentligi muxolifatga nisbatan tazyiqlar kuchayishi bilan kuzatilgan. Nohukumat tashkilotlar vakillariga ko’ra, muddatidan oldin ovoz berayotgan fuqarolar ma’muriyat bosimi ostida saylashga majbur.

Ikkinchi muddat uchun kurashayotgan prezident Bakiyev hokimiyat resurslaridan foydalanayotgani ta’kidlanadi. Muxolifat yetakchilari uni tazyiqlarda, demokratiyadan chekinishda ayblashmoqda.

Saylovoldi jarayonida Bakiyevning asosiy raqibi, sobiq bosh vazir Almaz Atambayevning psixotrop moddalar bilan zaharlangani haqida ma’lumot paydo bo’ldi.

Qirg’izistondagi saylovlar natijasi o’zbek-qirg’iz aloqalariga biror ta’sir o’tkazadi deyish qiyin. Buni Qirg’izistondagi o’zbek jamoasi faollari bildirayotgan mulohazalardan ham bilish mumkin.

“Qirg’izistonda yashayotgan o’zbeklar amaldagi prezidentni qo’llashadi. Nima uchun? Muxolifat gazetalariga e’tibor bersangiz, o’zbeklar sha’nini haqoratlovchi maqolalar ochiq oshkora berilmoqda. Bu ularni ichida milliy nizo urug’ini kuchaytiruvchilar bor degani. O’zbeklar Bakiyevdan tashqari boshqa bir alternativ nomzod topisha olmaganidan keyin “Rodina” partiyasi, Jaloloboddagi o’zbeklar markazi ham amaldagi prezident nomzodini qo’llash harakatini olib borayapti”, - deydi o’zbeklar jamoasi faollaridan biri A’zam Asqarov.

Sharhlovchi Akbar Aliyev nazarida saylovlar ortidan ommaviy norozilik chiqishlari kuzatilishi ham ehtimoldan xoli emas.

“Muxolifat yetakchisi zaharlanishi prezidentlik saylovida nosog’lom muhit hukmronligini ko’rsatmoqda. Bu qirg’izlar taraqqiyot yo’lini tanlashidagi zarur, xolis shaxsni saylash imkoniyatini cheklaydi. Nazarimda, Bakiyev o’tgan davr mobaynida haqiqiy xalqparvar prezident sifatida tanila olmadi”, - deydi u.

Chegarada ahvol tarang

So’nggi payt O’zbekiston-Qirg’iziston munosabatlari keskinlashmoqda. Rasmiy Toshkent Andijonda kuzatilgan portlashdan keyin davlat chegarasi bo’ylab chuqur o’ralar qazishni boshladi va Bishkekni jangarilarni o’tkazib yuborishda aybladi.

Birmuncha avval o’rtadagi bahsli hududlarda o’zbek chegarachilarining bir tomonlama tekshiruv o’tkazishi norozilikka sabab bo’lgan edi. Chegara keskinliklarida tinch aholi qurbon bo’lishda davom etmoqda, siyosiy vaziyat esa tobora taranglashib bormoqda.

Bu ziddiyatlar Qirg’izistondagi o’zbeklar jamoasi hayotida ham aks etyapti. Faollarga ko’ra, vaziyat jiddiy, milliy nizolar takrorlanishi ehtimoldan xoli emas.

“Siyosiy taranglik bu yerda yashayotgan o’zbeklar hayoti og’irlashishiga xizmat qilmoqda. Millatchilik yo’q deganimiz bilan, hozir eng yuqori nuqtaga chiqmoqda. Maktablarda, yoshlar o’rtasida ham milliy nizo kuchayib borayapti. Davlat ideologiyasida bunga qarshi kurash, tadbirlar o’tkazilayotgani yo’q. E’tibor qilinmasa, bugun bo’lmasa ertaga nizoga aylanishi aniq. Davlat organlarida hozir Qirg’izistonda ikkinchi millat sanaladigan o’zbeklardan vakillar deyarli yo’q. Islom Karimov O’sh-O’zgan voqealari paytida, O’shga kelgan paytda qaysi o’zbekni tani og’risa mening ham tanim og’riydi, chunki ular meni himoyamda degan edi. Bu gap o’zbeklarning esidan chiqqani yo’q. Lekin afsus, hozirga kelib masala e’tibordan ko’tarilganga o’xshaydi”, - deydi A’zam Asqarov.

Asli o’shlik bo’lgan O’zbekiston fuqarolaridan biri chegaradagi tarangliklarda O’zbekistonni ayblaydi.

“Biz o’zimizdan o’zimiz qo’rqib qolganmiz. Hizbut Tahrir deydi, u deydi, bu deydi. Aslida tuzumni saqlab qolish uchun nimanidir olabo’ji qilib, chegaralarni yopish kerak”, - deydi u.

Yaqin qo'shnichilik, abadiy do'stlik faqat og'izda?

Sharhlovchilar nazarida mintaqa yetakchilari qardoshlik imkoniyatlarini boy berishgan.

“Sobiq Ittifoq qulagach, mintaqa davlatlari global masalalar yechimida birlashib harakat qila olmadi. Aksincha, bu davrda mintaqada yanada ko’proq bo’linish kuzatildi. Natijada hukumatlardagi bu taranglik mintaqa xalqiga ham ta’sir o’tkazdi. Hozir So’x yoki Shohimardon tomonga borsangiz, millatlar o’rtasidagi munosabatlarni yanda taranglashayotganiga guvoh bo’lasiz”, - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Sharhlovchi Akbar Aliyev ta’biricha qardoshlik munosabatlari mintaqa yetakchilarining siyosiy ambitsiyalari yo’lida qurbon qilinmoqda.

“O’zbek-qirg’iz ming yillardan buyon yonma-yon yashab keladi, millatlarni bir biriga dushmanligi, g’ayriligi yo’q. Buni sun’iy ravishda o’zini qahramon qilib ko’rsatayotgan hozirgi yetakchilar keltirib chiqarayapti. Biz necha ming yillardan buyon qiz olib, qiz berib, birga yashab kelayapmiz. Lekin mustaqillik paradi boshlangandan keyin mansabdagilar o’zini qahramon qilishi, kattalar kichigiga o’zini ko’rsatishi kerak, tinch hal etish mumkin bo’lgan suv masalasini ziddiyatlashtirish kerak”, - deydi sharhlovchi.

Qirg’izistonning “24” axborot agenligida Tashqi ishlar vazirligi akademiyasi tinglovchisi Ruslan Akmatbekning “Qirg’iziston va O’zbekiston aloqalari urush darajasidami?” deb nomlangan maqolasi bosilgan.

Muallifga ko’ra, rasmiy Toshkent Qirg’izistondagi mavjud demokratiya va so’z erkinligidan manfaatdor emas. O’zbekiston qirg’iz hukumatini siyosiy iroda yetishmovchiligida ayblab keladi.

“Mintaqada xavfsizlik taranglashgani rasmiy Toshkentning repressiv siyosatiga bog’liq. Jangarilarning faollashayotgani rejimga nisbatan norozilik oqibatidir”, deb yozadi muallif.

O'zbekiston Rossiya mintaqada yana bir baza ochishiga qarshi

Ta’kidlanishicha, O’zbekiston Qirg’izistonga zaif davlat sifatida qaraydi. O’zbekistonning chegara masalasida o’z qudratini bir tomonlama namoyish etishi Bishkekni uchinchi tomondan ittifoqchilar topishga majbur etgan.

Yaqinda Qurmanbek Bakiyev O’shda Rossiya bilan hamkorlikda aksilterror markazi ochish masalasi muhokama qilinayotganini rasman tasdiqladi.

O’shda Rossiaya harbiy bazasi ochilishi mumkinligi Toshkent tomonidan keskin norozilik bilan kutib olingan. Sharhlovchilarga ko’ra, baza ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni keskinlashtirishi mumkin.

“Agar Afg’oniston chegarasi yaqinida ochilganda, mintaqadagi xavfsizlikni barqarorlashtirish uchun xizmat qiladi deyish mumkin edi. Lekin Rossiya harbiy bazasini O’shda ochilishi mumkinligi faqat mintaqa munosabatlariga putur yetkazadi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov.

Uning aytishicha, suv masalasi va iqtisodiy nochorlik qirg’iz hukumatini yana bir harbiy baza uchun rozilik berishga majbur etgan.

“Rossiya sarmoyasidan umidvorlik, bundan tashqari Qirg’izistonni tashqi qarzi oshib borayapti. Bishkek bu sarmoyalarni qutqaruvchi omil sifatida ko’rmoqda”.

Mintaqada tortishuvga sabab bo’lib kelayotgan suv masalasida qirg’iz muxolifati va amaldagi hukumat pozitsiyalarida keskin farq kuzatilmaydi. Muxolifat pozitsiyasi nisbatan keskinroq deyish ham mumkin. Sharhlovchilarga ko’ra hukumatlar munosabati ziddiyatlar bilan kuzatilsa, mintaqadagi demokratik muxolifat vakillarida ziddiyatlarni bartaraf etishda uyushqoqlik yo’q.

O’zbek-qozoq-qirg’iz muxolifatining mintaqadagi taranglik yuzasidan biror tashabbuslar bilan chiqqani hozirgacha kuzatilmagan.

“Mintaqadagi muxolifat ham ziddiyatlar bo’yicha umumiy bir platformaga ega emas. Har bir davlatdagi muxolifat o’z sharoiti, imkoniyatiga ko’ra o’zini bildirib turibdi xolos, uyushib bir narsa qilgani yo’q”, - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.

O’zbekistondagi demokratik jamoatchilik vakillariga ko’ra, qirg’iz demokratiyasidan kutilgan umidlar oqlanmagan.

“Erishilgan yutuqlardan ortga chekinish kuzatilmoqda. Hukumatning fuqarolik sektoriga munosabati yomonlashgan. Aholining demokratik qadriyatlar, huquqlardan foydalanishiga to’sqinliklar mavjud”, - deydi tahlilchi Abdusalom Ergashev.

Qirg’iziston prezidenti saylovlaridan biroz o’tib, 1 avgust kuni Bishkekda Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi sammiti rejalangan. Sammitda Rossiyaning mintaqada yangi harbiy baza ochish istagi muhokama qilinadi.

XS
SM
MD
LG