Breaking News

Inson qadami Oyga yetganiga 40 yil to'ldi


Bundan 40 yil ilgari, 1969 yilning 20 iyulida, insoniyat ilk bor Oyga qadam qo'ygan edi. Mazkur jarayon translyatsiya qilinar ekan, bir milliardga yaqin odam tele-ekranlari orqali koinotning zabt etilishiga guvoh bo'lgan.

"Apollon-11" missiyasi, Sovuq urush hukmron bir davrda, Qo'shma Shtatlarni fazoviy texnologiyalar poygasida peshqadam davlatga aylantirdi.

"Odam uchun bu kichik qadam, insoniyat uchun ulkan ildamlashdir"… bu so'zlar Oyga ilk qadam qo'ygan astronavt Nil Armstrongga tegishli.

XX asr, oltmishinchi yil so’nggida Sovuq urushi avj olgan davr. Qo'shma Shtatlar har sohada Sovet Ittifoqi bilan raqobatda. Kim o'zar o'yini avjiga chiqqandi.

Bu voqeadan 12 yil avval, Sovet Ittifoqi ilk Sun'iy yo’ldosh “Sputnik”ni Yer orbitasiga chiqargan, ketidan esa ilk kosmonavt Yuriy Gagarin koinotga ko’tarildi. Shundan so’ng AQSh prezidenti Jon Kennidi ilk insonni Oyga chiqaramiz deya va’da bergan.

"Xalqimiz Oyga insonni olib chiqish va uni sog'-omon yerga qaytarish yo’lida barcha harakatni qilib, shunga erisha olishiga ishonaman", - degan edi Kennedi.

Oradan sakkiz yil o'tgach "Apollon-11" nomini olgan missiya "Burgut" kosmik modulida Oy tomon uchadi.

Baz Oldrin, Maykl Kollins va missiya rahbari Nil Armstrong Saturn V raketasida 1969 yilning 16 iyulida kosmosga ko'tariladi.

To'rt kun deganda "Apollon-11" missiyasi Oyga yetadi. Qo’nishdan oldin "Burgut" moduli avtomatik ravishda boshqarilib astronavtlarni tekislikka emas, Oy krateri ichiga chorlayotganini payqagan Armstrong, boshqaruvni qo'lga oladi.

“Tekislik, Burgut qo'ndi” … bu so’zlar nafaqat Amerika balki insoniyat uchun katta g’alabadek yangragan.

Prezident Richard Nikson astronavtlar bilan ulanib, ularni tabriklaydi.

“Insoniyat tarixining ayni daqiqalarida bashariyat bir. Siz qilgan ishdan ortiq faxrlanadigan namuna bo’lmasa kerak”, - deydi Nikson.

Oy sathida 20 soat vaqt o'tkazib, AQSh bayrog'ini qadab, orqaga qaytgan astronavtlar vatanda qahramonlarcha kutib olindi.

Mazkur voqea insoniyat orzusining cheki yo'qligini, istasa Oydan ham yiroqda bo'lgan yulduzlarni zabt eta olishini isbotladi.

2004 yilda AQSh fazoviy tadqiqotlar dasturini e'lon qilar ekan, prezident Jorj Bush: "2020 yilga borib yana bir marta insonni Oyga chiqaramiz va bu sayyorani tadqiq qilish ko'lamini kengaytiramiz", degan edi.

Bush shuningdek: "2030 yilga borib inson qadami Marsga ham yetadi", - deya va’da qilgan.

Biroq Qo'shma Shtatlar muvaffaqiyat bilan bir qatorda fazoni tadqiq etishda fojialarga ham duch keldi. 1986 yil Chellenjer kemasi ko’tarilayotib portlagan. 2003 yilda Kolumbiya kemasi ham halokatga uchragan. Har ikki missiyada ham yetti astronavt halok bo’lgandi.

Ayni damda fazoni zabt etishda Xitoy va Hindiston faol qatnashmoqda. O'tgan yil noyabr oyida Hindiston Oyga o'z robotini qo’ndirgan bo’lsa, 2003 yilda ilk Xitoy kosmanavti fazoga ko’tarilgandi.

1998 yildan beri faoliyat ko'rsatayotgan va qurilish ishlari davom etayotgan Xalqaro Kosmik Stansiyada AQSh, Rossiya, Yaponiya, Kanada, Braziliya va 11 Yevropa davlatlari hamkorlik qilib keladi.

XS
SM
MD
LG