Breaking News

BMT suv va energetik muammolarni hal qilishda ko'maklashadi


Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqa davlatlarining Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi bilan hamkorlikni rivojlantirish niyatida.

BMT bosh kotibi o`rinbosari Yan Kubish (Jan Kubis) Qozog`istonda o`tgan uchrashuvda suv va energetika masalasida Orol jamg`aramasi o`rni faollashayotgani, jamg`arma BMT tomonidan moddiy quvvatlanishi mumkinligini ta`kidlagan.

Orolni qutqarish xalqaro jamg`ramasining sammiti shu yilning aprel oyida Almatida o`tgan edi. Mintaqa davlatlari o`rtasida suvdan foydalanish bo`yicha ziddiyatlar hamon yechim topmagan.

BMT mulozimi mintaqada suvdan foydalanish va energetik ta`minot masalasida jamg`arma faoliyatini kuchaytirish harakati kuzatilayotganini ta`kidlagan.

Jamg`arma ta`sischisi bo`lgan davlatlar masala yechimida BMT konvensiyasi va meyyorlaridan foydalanishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Bu borada BMTning ekspertlar darajasidagi ko`magi taklif qilingan.

Orolni qutqarish jamg`armasi va BMT iqtisodiy komissiyasi o`rtasidagi hamkorlik rejalari haqida so’zlagan Yan Kubish jamg`aramaning aprel oyida o`tgan sammiti natijalari bilan tanishgan.

1993 yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan Orol dengizini qutqarish maqsadida tuzilgan bu jamg`arma, hozirga kelib mintaqa yetakchilarini sammit darajasida yig`ishi mumkin bo`lgan yagona tashkilotdir.

Bugun jamg`armaning faoliyati Orol dengizini qutqarish emas, so`nggi yillarda mintaqaning asosiy muammosiga aylangan suvdan foydalanishga qaratilgan. Almatida o`tgan sammit mintaqa yetakchilari deklaratsiya imzolashi bilan yakunlangan bo`lsada, bu boradagi ziddiyatlar saqlanib qolgan.

Bugunga kelib suv manbasi mintaqa davlatlarining har biri uchun milliy manfaat darajasiga ko`tarilgan. Asosiy muammo Qirg’iziston va Tojikistonda suv energetik maqsadda ishlatilgan taqdirda, O`zbekiston va Qozog`iston qishloq xo`jaligida suv taqchilligi kelib chiqishidir.

Sharhlovchilarga ko`ra, suv mojarosi mintaqaning ojiz tomonlaridan biriga aylandi. Keyingi paytda masalaning geosiyosiy maqsadga ko`chishi tashvish uyg`otadi.

“Suv muammosini hal bo`lmayotgani mintaqa ishlariga tashqi geosiyosiy kuchlarning aralashishi bilan bog`liq. Bu kuchlar mintaqa davlatlarini ziddiyatidan manfaatdor. Masalan Tojikiston katta suv ombori quraman desa yaxshi taklif, deb umidvor qiladi. Masalan, Chernobil GESi Ukrainada joylashgan edi, lekin undan asosiy zararni Belarus ko`rdi. Rossiya Qirg`izistondagi Qambarota suv to`g`oniga 1,7 milliard dollar ajratmoqchi ekan, bu ishni noto’g’ri ekanligini juda yaxshi biladi”, - deydi sharhlovchi Kamron Aliyev.

Yevropa Ittifoqi va AQSh suv masalasida umumiy bitimga kelishib olish mintaqa davlatlarining o`zaro ishi degan fikrda. Qirg`iziston va Tojikiston suv to`g`onlari qurishda asosan Rossiya sarmoyasiga umid bog`lashmoqda.

Ekolog olim Tohir Majitovga ko`ra, BMT konvensiyasi daryo boshida joylashgan davlatlar tomonidan qo`llanishi qiyin.

“Lekin biz konvensiyani imzoladikmi, xalqaro tashkilotlar bu yo`nalishda harakat qilishi kerak. Ular imzolaydimi-yo`qmi, 5-6 million odam uchun 25 million aholi zarar ko`rmasligi kerak. Qolaversa butun dunyoda inson faktori tobora muhim ahamiyat kasb etyapti. Shunday ekan, Qirg`izistonda suv mo`l bo`lib O`zbekistonda bog`lar qurib ketishiga hech kim yo`l qo`ymaydi. Eng yaxshi aql bilan kelishib ishlash kerak, shunda keyinchalik ularni suv omborlari loyqaga to`lib qolganda ham kelishib ishlash mumkin bo`ladi”, - deydi Tohir Majitov.

Tojikiston va Qirg’izistonning asosiy muammosi elektr energiyasi taqchilligi. O`zbekiston va Qozog`iston energiya manbalariga boy mamlakatlar.

Hozirgacha mintaqa davlatlari o`zaro manfaatli hamkorlikka kelisha olishmadi. Sharhlovchilarga ko`ra, suv masalasida tashqi kuch ta`siri o`zaro hamkorlikni yanada og`irlashtirgan.

Shu ma`noda Orol jamg`armasi mintaqa rahbarlari ziddiyatlarni ochiq muhokama qilishi mumkin bo`lgan yagona maydon sifatida juda muhim.

XS
SM
MD
LG