Breaking News

Barak Obama: Qo'shinlarni Iroqdan chiqarish rejasi kuchda


AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar qo'shinlarini 2011 yil oxirigacha Iroqdan chiqarish rejasidan qaytmagan. Kecha Obama Oq Uyda Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiyni qabul qilib, mamlakatdagi vaziyatni muhokama qilgan.

Prezident Obamaga ko'ra, qo'shinlar asta-sekin Iroqdan chiqarilar ekan, ushbu davlat bilan keng ko'lamli aloqalar quriladi. Nafaqat xavfsizlik bobida, balki boshqa sohalarda ham.

Biroq bu oson bo'lmaydi, chunki bunga qarshi kuchlar oz emas va ular jarayonga to'siq qo'yishga harakat qiladi, deydi Obama.

"Iroq xavfsizlik kuchlari va AQSh qo'shinlarining bundan keyin ham xurujga uchrashi tabiiy. Begunoh erkak, ayol va bolalar qotillari hali ham Iroqda izg'ib yuribdi. Mazhablararo mojaroni keltirib chiqarishga harakat qilishyapti, ammo bu ularning qo'lidan kelmaydi," deydi Amerika prezidenti.

O'tgan oy AQSh askarlari Iroq shahar va qishloqlardan chiqib, harbiy bazalarga joylashgan.

"Zo'ravonlik darajasi past. Ikki davlat qurolli kuchlari o'rtasida hamkorlik yaxshi yo'lga qo'yilgan," deydi Obama.

Uning aytishicha, Iroqdagi siyosiy kuchlar murosa qilib, mamlakat ravnaqi uchun birgalikda ishlashi lozim.

Tarjimon orqali so'zlar ekan, Iroq Bosh vaziri Nuri al Malikiy buning uchun bor imkoniyatni ishga solishga va'da berdi.

Malikiy Obama bilan uchrashuvdan oldin Nyu-Yorkda BMT qarorgohida ham bo'lib, 1990 yilda Quvaytga qarshi qilingan urushdan so'ng Saddam Husayn tuzumiga qo'yilgan sanksiyalarni bekor qilishni so'ragan.

Obama fikricha butun boshli bir xalq hokimiyatdan ag'darilgan diktator xatosi uchun javob berishi to'g'ri emas.

Sanksiyalarga ko'ra, Iroq Quvaytga kompensatsiya sifatida neft daromadidan tushgan pulning 5 fozini to'lashi kerak bo'lgan.

XS
SM
MD
LG