Kongress: "Amerika Ovozi" va "Ozodlik" muhim axborot vositalari


AQSh Kongressida davlat tomonidan moliyalanuvchi ikki axborot agentligi rahbarlari so'z va matbuot erkinligi cheklangan mamlakatlarga yangiliklar uzatish xususida hisobot berdi.

Amerika qonunchilari Xitoy, Rossiya va Eron kabi mamlakatlarda so'z erkinligi cheklanganidan xavotir bildirib, "Ozodlik" radiosi va "Amerika Ovozi"ni faolroq harakat qilishga chaqirdi.

Demokrat kongressmen Robert Veksler Eronda saylovlardan so'ng avj olgan namoyishlar paytida zamonaviy axborot texnologiyalari ta'sirini tilga olib, "Ozodlik" radiosi va "Amerika Ovozi"ning bundagi muhim rolini alohida ta'kidladi.

"Ushbu tashkilotlar bir necha tilda bir necha davlatga ma'lumot uzatib, matbuot erkinligi bo'g'ilgan davlatlar aholisini axborot bilan ta'minlaydi," deydi qonunchi.

"Amerika Ovozi" direktori Denfort Ostinning aytishicha, tashkilot bu ishni nafaqat radio, balki televideniye orqali ham amalga oshirib, masalan Eronda ko'p sonli muxlislarga ega.

"Rossiyada esa," deydi u, "hukumat to'siqlariga qaramay axborotni Internet orqali uzatishga o'tilgan. Natijada rossiyaliklarning Amerika siyosati, madaniyati va AQShning Rossiyaga munosabati borasida dunyoqarashi kengaymoqda," deydi Ostin.

Respublikachi qonunchi Ed Roysning aytishicha, bu agentliklar Pokiston va Afg'onistondagi jangarilar radiolari tarqatayotgan tashviqotga qarshi kurashishi kerak.

"Axborotni nazorat qilgan janggohni nazorat qiladi deyishadi. Fors ko'rfazidagi ba'zi davlatlar shu qoidaga amal qilgan holda Afg'onistonda jangarilarni axborot resurslari bilan ta'minlashdan toymayapti. Sha'riy radioga pul ajratmoqda. Dunyoning u burchagida biz g'oyalar urushiga duch kelganmiz va bunga qarshi samarali kurashish lozim," deydi kongressmen.

Kongress 2010 yil uchun "Amerika Ovozi", "Ozodlik" va boshqa yana besh teleradio tarmog'i uchun 746 million dollar ajratishni rejalamoqda.

XS
SM
MD
LG