Sulaymon tog'i UNESCO himoyasiga olindi


Qirg’izistonning O’sh shahrida qad ko’targan Sulaymon Tog’i yaqinda “UNESCO”ning jahon merosi durdonalari ro’yxatiga kiritilgan.

Qirg’izistondagi Sulaymon tog’i musulmon olamining muqaddas dargohlaridan biri sanaladi.

Uning turli qismlarida qadimiy masjid va maqbaralar qad ko’targan. Olimlarning aytishicha, bu obidalar Bobur davridan meros.

Bu dargohda yoz oylarida ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Har kuni yuzlab sayyohlarga ko’zingiz tushadi.

“Ziyoratga keldik. Qizim qattik kasal bo’lib qolgan. Sulaymon Tog’i kabi aziz joy yaqin-atrofda y’oq”, - deydi keksa ayol.

Ziyoratchilar bu yerning shifobahsh xususiyatlariga astoydil ishonadi.

“Bir necha yil farzand ko’rmadik. Yaqinlarimiz Sulaymon Tog’ini ziyorat qilib kelinglar, dedilar. Xudo xohlasa, biz ham chaqaloq yig’lashini eshitamiz” – deydi o’rta yoshdagi bir juftlik.

Sulaymon Tog’i Taxti Sulaymon deya ham tanilgan. Olimlarning aytishicha, ibodat maskani sifatida Sulaymon Tog’i kamida uch ming yillik tarixga ega. Mahalliy aholi bu joyni ikkinchi Makka deb ham ataydi.

Hozirda Sulaymon Tog’i milliy, tarixiy-arxeologik muzey tarkibiga kiradi.

Muzey rahbari, tarixchi olim Boltagul Nurumbetov so’zlariga qaraganda, ziyoratchilar tashrifi IX-asrdan boshlangan. Sulaymon Tog’ida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida O’sh shahrining 3000 yillik tarixga ega ekani isbotlangan.

Olimning aytishicha, Sulaymon Tog’i va uning atrofida hozirda bir necha tarixiy yodgorlik saqlanib qolgan. Masalan, XVI-asrda qurilgan Abdullaxon Ravoti, XIV-asrda barpo etilgan Bobur Shoh hujrasi (o’tgan asr oxirida qayta qurilgan), Asaf ibn Burxiya maqbarasi (ХVII-ХVIII-asr) va hokazo.

Olim fikricha, muqaddas tog’ UNESCOning jahon merosi durdonalari ro’yxatiga kiritilgani Qirg’iziston uchun katta ahamiyatga ega.

“Birinchi navbatda tog’ muhofazasi, tarixiy obidalarni saqlashga ajratiladigan mablag’ ko’payadi, obidalar barhayotligi esa ziyoratchilarning yil-sayin ko’payishiga xizmat qiladi,” - deydi janob Boltagul Nurumbetov.

Yaqinda mahalliy mutaxassislar Sulaymon tog’ining yodgorliklari ro’xatini tuzgan. Unga 60 yaqin obidalar kiritilgan. Olimlar bu yodgorliklar vaqt o’tgani sari eskirib, xarob bo’lib borayotganidan tashvishda.

Qirg’iziston Fanlar Akademiyasining janubiy bo’limi xodimasi Antonina Zaxarovaning aytishicha, ko’pincha tarixiy, madaniy obidalarda ular davlat muhofazasida ekani haqida yozuv qayd etilmagan.

XS
SM
MD
LG