Yevropa vakili O'zbekistonda kimning dardini tinglayapti?


Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morel Toshkentda rasmiylar bilan muloqot qilmoqda.

U bilan uchrashgan mahalliy faollar mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog'liq vaziyat haqida ma'lumot bergan.

Pyer Morel hukumat bilan muzokarada huquq masalasini ko’tarishini bildirgan.

Fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuv Polsha elchixonasida o'tdi. Tadbirda Yevropa Ittifoqi rasmiysi O'zbekistondagi inson huquqlariga oid vaziyat bilan tanishgan.

"Huquq himoyachilari, jurnalistlarga nisbatan ahvol qanday, inson huquqlariga oid vaziyat haqida axborot berdim. Prezident bilan uchrashuvi bor ekan, birinchi masala shu edi. Keyin siyosiy huquqlar cheklangani, Adliya vazirligi muxolif partiyalarni ro'yxatga olmayotgani, “Birlik” partiyasida qancha imzo bo'lishiga qaramay o'zgarish bo'lmayotgani, qiynoqlar qo'llanilayotgani, mustaqil axborot manbalari yo'qligi, saytlar to'sib qo'yilgani, bolalar mehnatidan foydalanish davom etayotganini bildirdim”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Vasila Inoyatova.

"Dilmurod Sayid qamalish arafasida. Agar u ayblov tomoni 14,5 yil so'rashiga qaramasdan 5 yilga qamalsa, demak ertaga inson huquqlarini himoya qilgan boshqa faollarni ham qamash boshlanadi. Keyingilari biz bo'lishimiz mumkin", - deydi huquq himoyachisi.

Morel bilan uchrashgan mutaxassis Suhrob Ismoilovning aytishicha Yevropa Ittifoqi inson huquqlari bo'yicha pozitsiyasini faol deb bo'lmaydi.

“Biz muloqot tarafdorimiz, lekin muloqot ehtiyotkorlik bilan olib borilishi kerak. Chunki, hukumat biz bu borada milliy dastur, milliy reja qabul qilingan deyishi mumkin. Aslida esa bunday dastur qabul qilingani bilan muammolar yechimsiz qolmoqda. Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan davlat fuqarolik jamiyatlari bilan faol ishlashi kerak, afsuski amalda biz turlicha munosabatni kuzatyapmiz. Ayrim elchixona vakillari vaziyat haqida mutlaqo ma'lumotga ega emas”, - deydi Suhrob Ismoilov.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha maxsus vakili Pyer Morel O'zbekistonga uchinchi bor tashrif buyurmoqda.

Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan Marakziy Osiyoga nisbatan qabul qilingan strategik dasturga ko'ra hamkorlik olib boradi.

Ittifoqning mintaqa bo'yicha strategiyasi asosan energetik hamkorlikni kengaytirish, mintaqa resurslarini Yevropaga yetkazish choralarini ko'radi.

Bu strategiya qabul qilinishidan avval Yevropa Ittifoqi O'zbekistonga nisbatan sanksiyalar joriy etgan edi.

Hozirga kelib Andijon fojialaridan so'ng joriy etilgan bu sanksiyalardan deyarli voz kechilgan.
Sanksiyalardan voz kechish jarayoni Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasida inson huquqlari bo'yicha muloqot nomini oldi.

O'zbekistonda bir necha faolning qamoqdan ozod etilishi shu muloqotlar natijasi o'laroq amalga oshgani ta'kidlanadi.

Huquq himoyachilari fikricha ozod etilgan faollar o'rniga boshqalarining qamoqqa tashlanayotgani vaziyat og'irlashganidan darak beradi.

"Garovda ushlab turilgan siyosiy mahbuslar bor. Yevropa "biz Mo'tabar Tojiboyevani ozod qilishga erishdik" deyishi mumkin, biroq undan keyin Yusuf Juma va uning o'g'li qamaldi. Mana Dilmurod Sayid qamalish arafasida turibdi", - deydi Inoyatova.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG