Rossiyadan tobutda qaytayotgan tojikistonliklar ...


Ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyadagi tojikistonlik mehnat muhojirlari soni ayni paytda 1,5 million atrofida.

Lekin iqtisodiy turg’unlik sabab ularning katta qismi o’z mamlakatiga qaytayotgani Markaziy Osiyoning eng qashshoq davlati hisoblanmish Tojikistondagi vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.

Tojikistondagi ishga layoqatli yoshlarning 40 foizdan ortig’i Rossiyada mardikorchilik qiladi. Norasmiy manbalarning ta’kidlashicha, respublikada ishga layoqatli odamlarning 60 foizga yaqini chet ellarda ishlamoqda.

Masalan, birgina Nov qishlog’idagi jome’ masjidi so’fisi Shayx Saidahmadxon oilasidan 3 o’g’il va bir qizi tirikchilik ilinjida Rossiyada ishlamoqda.

Mustaqil jurnalist Tursunali Aliyevga ko’ra, Rossiyada markaziy osiyolik mehnat muhojirlari eng og’ir ishlarda bo’lsada, biror bir huquqqa ega emas va eng past tabaqa hisoblanadi. “Ular buyurilgan har qanday ishlarni qilishga majbur huquqsiz odamlardir”, - deydi Aliyev.

Tojikistonda hozir davlat va xalqaro tashkilotlar tomonidan ko’plab huquqiy idoralar tashkil etilgan. Biroq ko’pchilik migrantlar Rossiyaga noqonuniy yo’llar bilan ketishni afzal biladi. Jurnalistning aytishicha, muhojirlarning ko’pligidan davlat bu ishni to’la qonuniylashtirishga ojizlik qilmoqda. “Bunga davlat imkoniyat yarata olgani yoq”, - deydi Tursunali Aliyev.

So’nggi paytlarda Rossiyada ishlayotganlar orasida yurak xastaligiga uchrab, qo’qqisdan vafot etish hollari ko’paygani Tojikistonda turli taxminlarga sabab bo’lmoqda.

“Har xil gaplar bor. Mish-mishlarga qaraganda, ichkiliklarga tabletka solib berishadi, uni ichgan yigitlar yuragi to’xtab qolarmish degan gaplarni eshitamiz. Bir tomondan ishongingiz kelmaydi, lekin haqiqatni ko’rib hayratda qolasiz. Shuni tekshiradigan mas’ul tashkilotlar yo’qmikan? O’zimizdan ham 4 yigitni o’ligini keltirishdi. To’rttalasi ham yuragi to’xtab qolib o’libdi. Ketayotganda ularning yuragi baquvvat bo’lgan bo’lsa kerak. Bunaqa hayratlanarli gaplar bo’lgandan keyin odamni vahima bosadi”,- deydi Shayx Saidahmadxon.

Tojik mardikori Farrux Zayniddinov bu mavzuni millat dardi hisoblab, uni “davlat darajasidagi fojiaga aylangan” deb baholaydi.

Тоjikistonlik kardiolog vrach Baxtiyor Narzulloyev fikricha, yoshlar Rossiyada ko’proq siqilish va asabning zo’riqishidan yurak xastaliklariga uchramoqda.

“Kuni-kecha Gulxona qishlog’ida yosh yigitni keltirib dafn etishdi. Bu narsa har hafta, har oy tinimsiz takrorlanib turadigan oddiy bir holatga aylanib qoldi”, - deydi jurnalist Tursunali Aliyev.

Mehnat muhojiri, sobiq o’qituvchi Otamurod Karimov fikricha, bu mudhish masala Rossiyaning Tojikistonga ta’sir usullaridan biri bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG