Breaking News

Tojikistonda rus tilida ish yuritish man etilishi mumkin


Tojikiston parlamenti davlat idoralarida rus tilida ish yuritishni man etish to'g'risidagi qonun loyihasini ko’rib chiqar ekan, prezident Emomali Rahmon jarayonni tezlashtirishni so’ragan. Bu esa, ayrimlar nazarida, Rossiyaga qarshi harakatdir.

Tojikiston rahbari fikricha har bir davlatning buyukligini, birinchi navbatda, uning ona tiliga bo’lgan hurmat-e’tibori va tilning qay darajada himoyalangani belgilaydi. Emomali Rahmon bu borada televideniye orqali bayon etgan.

Rus tilini muomaladan chiqarish tashabbusi jamoatchilik orasida bahs-munozaraga sabab bo’lmoqda. Tojikiston Erkin Matbuot Uyushmasi a’zosi Abufattoh Vohidov Sovet davrini yodga oladi.

“Tabiiyki, Tojikistonda men tengi odamlarning ko’pi sovetlar tarbiyasini olgan, rus tilida fikrlaydigan, shu til bilan o’sib ulg’aygan avlod vakillari”, - deydi Vohidov. “Ko’pchilik rus tilisiz hayotini tasavvur eta olmaydi. Ammo tojik tili ham jamiyatda munosib o’rnini egallashi kerak”,- deydi u. Jurnalist fikricha tilga beparvolik ilm va madaniyatga beparvolik bilan barobar.

Rus tilini muomaladan chiqarish taklifi Rossiyada norozilik uyg’otib, u yerda mehnat qilayotgan tojikistonliklar hayotini xavf ostiga qo’yishi mumkin. Ular Rossiyada shundoq ham og’ir sharoitda yashaydi va ishlaydi hamda salbiy munosabat bilan yuzlashib keladi. Rossiyada ba’zi siyosatchilar “Tojikiston bilan viza tartibi joriy etamiz, mehnat muhojirlarini esa haydab chiqaramiz” deya ogohlantirgan.

Karomat Sharipov, Tojikiston ishchi muhojirlar uyushmasi rahbari, hukumatga bu nozik masalada o’ylab qadam bosishni maslahat bermoqda.

“Migrantlarning Rossiyada ishlab topayotgan puli salmoqli. Tojikiston byudjetiga tayanch, qolaversa ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim rol o’ynaydi”, - deydi u.

Sharipovning aytishicha 120 mingdan oshiq fuqaro Rossiyada oila qurgan, bola-chaqali bo’lgan. 800 mingdan ortiq odam fuqarolikka kirgan. Rossiya ular uchun ikkinchi vatan.

Aytish joiz, Sovet Ittifoqi qulagani bilan Markaziy Osiyo va umuman MDH davlatlarining hech birida rus tiliga e’tibor pasaygani yo’q. Rus tili har sohada, keng miqyosda qo’llanib kelinadi.

Svetlana Melnikova, Rossiya Xalqlar Do’stligi Universiteti olimasi fikricha, Tojikiston qonunni qabul qilgan taqdirda uning tatbiq etilishi oson bo’lmaydi.

MDH doirasida texnik atamalar, ilmiy ibora va terminlar asosan rus va ingliz tillarida. Tojikiston baribir birini tanlashi kerak bo’ladi. Ona tilidagi ilmiy lug’atni yaratishga o’nlab yil vaqt ketishi muqarrar, deydi Melnikova.

Abdufattoh Vohidov kabi ziyolilar nazarida tojik tili, boshqa tillar singari, zamon, yangi texnologiyalar va globalizatsiya natijasida o’zgarib, boyib borayotgan aloqa vositasi.

“Xorijiy texnik atamalarni qo’llashga hech kim qarshi emas. Ingliz, rus, fors, arab tillaridan so’zlar o’zlashtirib olinishi tabiiy hol ”, - deydi jurnalist.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatda bo’lgan tahlilchilar ta’biricha, tojik tilining birinchi o’ringa chiqarilishi rusiyzabon aholi huquqlari poymol bo’layapti degani emas. Ammo, ular fikricha, sobiq Sovet mamlakatlari orasida rus tili xalqaro aloqa vositasi sifatida muomalada qolgani ma’qul.

XS
SM
MD
LG