Breaking News

Britaniya qo'shinlari Afg'onistonni tark etmaydi


Britaniya kuchlari qator talofatlarga qaramasdan Afg’onistonda xalqaro koalitsiya safida Tolibon va Al-Qoidaga qarshi kurashni davom ettiradi.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband “Xalqimiz Afg’onistondagi harakatlarimiz mohiyatini tushunadi”,- deya ishonch bildirmoqda.

“Britaniya ommasi Afg’oniston global terrorizm o’chog’i bo’lganini, 2001 yil 11 sentabrdagi qonli xurujlar ana shu yerdan turib rejalanganini yaxshi biladi. Xalqimiz AQSh va boshqa ittifoqdosh davlatlar bilan hamkorlikda ekstremizm ildizini yo’q qilish harakatini quvvatlashda davom etadi”,- deydi Deyvid Miliband.

Bu kabi bayonotlar Vashingtonda tabiiyki iliq kutib olindi. Afg’onistonda qo’shin sonini oshirish zaruriyati AQSh Mudofaa vazirligi va Oq Uyda tez-tez tilga olinadi.

Hukumatga harbiy masalalarda maslahat berib keladigan Antoni Kordesman deydiki, G’arb Afg’onistondagi urush hali uzoqqa cho’zilishini, vaziyat haqiqatda mushkul ekanini ochiq tan ola boshlagan.

“Shu kungacha bu urush uchun yetarlicha resurs ajratilmayotgan, unga real nuqtai-nazardan qaralmayotgan edi”,- deydi mutaxassis.

“Vashington hozirgi harakatlarini bo’shashtirmasligi kerak”,- deydi Antoni Kordesman.

Kordesman yaqinda bir guruh ekspertlar bilan Afg’onistanda bo’lib qaytdi. U xalqaro koalitsiya qo’mondoni general Stenli Makkristalning yaqin maslakdoshi. Amerika Afg’onistondagi askarlar sonini yanada oshirishi kerak, deydi Antoni Kordesman.

“Yana qancha kuch kerak ekanini aytish qiyin, ammo hozirgi qo’shinning o’zi yetmaydi”,- deydi ekspert.

Prezident Barak Obama Amerika qo’shini yil oxirigacha 68 mingga yetadi deydi. Oq Uy bundan ortiq askar yuborish haqida o’ylayotgani yo’q. Davlat xavfsizligi bo’yicha maslahatchi Jeyms Jouns “Afg’onistondagi harbiy qo’mondonlikdan bu borada boshqa iltimoslar qabul qilmaymiz”,- deydi.

Mudofaa vaziri Robert Geyts bu qarorni quvvatlab, 68 minng qo’shin ishni eplashi kerak deya umid qilmoqda. Uning fikricha, amerikalik harbiylar sonining ortishi afg’on xalqi orasida norozilikni kuchaytirib, missiyani yanada murakkablashtirishi mumkin.

XS
SM
MD
LG