AQSh-Rossiya aloqalari qay tomon yo'nalmoqda?


AQSh-Rossiya o’rtasidagi aloqalar qanday asosda qurilishi kerak? Qurol nazorati va mudofaa borasidagi tafovutlarni bartaraf etib bo’ladimi? Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarish yo’lidagi hamkorlik istiqbollari qanday?

AQSh Kongressi Obama ma’muriyatini bu va boshqa qator masalalar yuzasidan savolga tutmoqda.

AQSh va Rossiya terrorizmga qarshi kurash, strategik qurollarni kamaytirish, NATOning sharq tomon kengayishi, Ukraina va Gruziyaga yordam, inson huquqlari, energetika va qator boshqa mavzularda tortishib keladi.

Yaqinda Moskvada bo’lib qaytgan prezident Barak Obama o’zaro manfaatlar yo’lida Rossiya bilan ko’p sohalarda birga ishlaymiz deya ta’kidlar ekan, qonunchilar bu aynan qanday amalga oshiriladi, shuni bilmoqchi.

Pentagon va Davlat departamenti rasmiylarining aytishicha, Moskva sammitidan beri aloqalarda oldinga siljish kuzatilmoqda. Harbiy hamkorlik qayta izga tushyapti. Sammit kutilganidan ham samaraliroq o’tdi, deydi Aleksandr Vershbou, davlat kotibi muovini.

“Rossiya havo hududi orqali Afg’onistonga zobitlarni va xavfli yuklarni olib o’tish, 4,500 tagacha harbiy va tijoriy parvozlarni amalga oshirish to’g’risida kelishuv imzolangan. Bu AQShga tranzit va yonilg’i xarajatlarini kamaytirishga yordam beradi”, - deydi diplomat.

Biroq bu, AQSh hamkorlik evaziga boshqa sohalarda yon beradi degani emas.

Vitse-admiral Jeyms Vinfeldning ta’kidlashicha, Rossiya bilan yaqinlashuv AQShning boshqa davlatlar bilan hamkorligi hisobiga bo’lmaydi. “Xoh Yevrosiyo, xoh boshqa bir mintaqada bo’lsin, o’zaro aloqalar konstruktiv, geosiyosiy o’yinlardan xoli bo’lishiga ishonamiz”, - deydi harbiy.

Har ikki mamlakatda yangi rahbar kelganidan beri tomonlar bir-biri bilan ijobiy ohangda gaplasha boshlagan. Ammo NATOning Ukraina va Gruziya hisobiga kengayishi va Yevropada mudofaa tizimlari o’rnatish kabi masalalarda hamon turlicha fikrda.

Rossiya AQShga Eron xavfini jilovlashda yordam taklif etsa, Vashington qanday javob beradi, deb so’ramoqda qonunchilar.

Davlat kotibi muovini Filip Gordonning javobi shuki, Yevropada rejalangan yangi mudofaa sistemalaridan maqsad mavjud xavfdan himoyalanish.

“Reja amalga oshadimi-yo’qmi, buni Erondan kelayotgan xavf darajasiga qarab belgilaymiz. Rossiya bilan erishilgan qurol nazoratiga doir kelishuv va uning ijrosi alohida masala”, - deydi janob Gordon.

Kreml, aksincha, bu ikki masala bir-biriga bog’liq ekaniga ishora qilib keladi.

AQSh Kongressida o’tgan tinglovda ayrim qonunchilar Rossiya qo’shinlarining Janubiy Osetiya va Abxaziyada qolayotgani hamda Eron bilan qurol-yarog’ savdosini afsus bilan tilga olgan.

Yevropa va Yevrosiyo masalalari bo’yicha davlat kotibi muovini Filip Gordonning aytishicha, Eronga ilg’or qurollar sotilishi Rossiya bilan aloqalarda muammo tug’dirishi aniq. Kreml bu haqda ogohlantirilgan.

XS
SM
MD
LG