Breaking News

Rossiya Qirg'izistonda harbiy baza ochishga ruxsat oldi


Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammiti doirasida Issiqko’lda uchrashgan prezidentlar Qurmanbek Bakiyev va Dmitriy Medvedev shunga kelishib olgan.

Kreml va Bishkek kecha imzolagan bitimga ko’ra, Rossiya Qirg’izistonda yana bir harbiy baza ochishi, undan 49 yil davomida foydalanishi mumkin. Bu muhlat 25 yilga uzaytirilishi ehtimoldan xoli emas. Hujjat tafsilotlari noyabrda ma’lum bo’ladi.

Baza qayerda joylashadi – hozircha noma’lum. Ba’zilar O’zbekiston bilan chegaradagi Botkent viloyatini tilga olmoqda. Tojikiston bilan ham chegaradosh bu hudud jangarilar faol mintaqa sanaladi.

Rasmiylarning aytishicha, bazada butun boshli batalyon joylashishi mumkin. Askarlarga esa diplomatik daxlsizlik va’da qilinmoqda, ya’ni ular Qirg’iziston qonunlari oldida javobgar emas.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga a’zo barcha davlatlar yangi bazadan foydalanishi mumkin. Tashkilotga Armaniston, Belarus, Tojikiston, Qozog’iston, Rossiya, Qirg’iziston va O’zbekiston a’zo.

Issiqko’ldagi sammitida tezkor qo’shin masalasi ham muhokama qilinishi kutilgan edi. Biroq rasmiylar bu borada sukutda.

Belarus va O’zbekiston bitimga qarshilik bildirib keladi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasining o’tgan galgi sammitiga kelmagan, tezkor qo’shin tuzish tashabbusini esa noqonuniy deya ta’riflagan.

O’zbekiston rahbari Islom Karimov nazarida esa Kreml bu taklifi bilan mintaqadagi nazoratini oshirmoqchi.

Hozir Rossiya Qirg’izistonning Kant aerodromida harbiy bazaga ega. Bu yerda 400 ga yaqin rus askari xizmat qilmoqda.

Qo’shma Shtatlar esa “Manas” bazasidan foydalanib keladi. Aerodrom Afg’onistondagi operatsiyada muhim tranzit nuqtasi sanaladi.

XS
SM
MD
LG