Toshkentda imom pichoqlab ketilgach turli mish-mishlar


Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan tergov surishturuv ishlari boshlangan. Kuni kecha Yangiobodda uyi yaqinida pichoqlab ketilgan Anvar qori hozirda kasalxonada.

Anvar qori Tursunov 1 avgust kuni kechki tomon o'z uyi oldida noma'lum kishilar tomonidan bir necha bor pichoqlangan.

Imom darhol shifoxonaga yetkazilib, shifokorlarning aytishicha, hayoti u qadar xavf ostida emas.

Anvar qori Tursunov jamoatchilikka nafaqat imom sifatida, shuningdek O`zbekiston televideniyesida namoyish etilayotgan “Hidoyat sari” ko`rsatuvi boshlovchilaridan biri sifatida ham yaxshi tanish.

Xatibga qilingan hujum borasida aholi orasida turli gap-so`zlar yuribdi va hozircha huquq-tartibot organlari voqea yuzasidan biror bayonot bermayapti.

Anvar qori Tursunov “Ko`kaldosh” madrasasi yonidagi Xoja Ahror Valiy masjidining imomi. Mahalliy faollardan biri Jahongir Shosalimov “Chorsu” bozorida tadbirkorlik qiladi va namozni shu masjidda o`qiydi.

“Bu suiqasd kutilmagan voqea bo`ldi. 1 avgust kuni kechqurun nomozga chiqqan odamlardan Anvar qorini sog`ayib ketishi uchun duoiy fotiha qilish so`ralgan. Voqea uni Yangioboddagi uyida bo`lgan. Buni Anvar qorining maschiddagi yordamchisidan so`rab bildim. Anvar qorinikiga borgan odamlar uni xudoyiga aytish bahonasi bilan uyidan chiqarib olishgan, keyin pichoq bilan hamla qilib, qochib ketishgan. Hozir ular topilganicha yo`q. Anvar qorining o`zi shifoxonada, jarohati hayotiga xavf soladigan darajada emas”, - deydi Shosalimov.

Ayrim manbalarga ko’ra Anvar qoriga uyushtirilgan suiqasdga imom xatibning tijorat bo`yicha faoliyati sabab bo’lgan. Bu biznes kelishmovchilik oqibati, deydi ular.

Boshqa ma`lumotlarga ko`ra esa Anvar qori suiqasd uyushtirilishidan biroz avval ko`p xotinlikda ayblangan.

Ba’zi tomonlar fikricha esa imomdan norozi musulmonlar juda ko’p. Anvar qori Tursunov diniy ishlar bo'yicha tuzilgan komissiya ekspertlaridan biri bo`lgan. Ekstremizmda ayblanib qamalganlarning ishi ko'rilganida imom fikrlari hisobga olingani ma'lum.

“Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti vakili Abdurahmon Tashanov voqeani sharhlashga shoshmaslik kerak deydi.

“Vaziyatni qaltisligi shundaki, hozir biror yo`nalish haqida gapiradigan bo`lsangiz, bundan hukumat foydalanishi, yangi repressiyalar boshlanishi mumkin. Bu yerda har tomonni hisobga olib, xolis tergov o'tkazish kerak. Hukumat tomonidan hozirgacha bir narsa deyilmadi. Savollarga javob yo’q. O`zbekistonda operativ holatda ma`lumot tarqatishni o`zi ham yo`lga qo`yilmagan ”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG