Tolibon xorij kuchlari chiqmaguncha muzokara qilmoqchi emas


Afg'onistonning Hirot shahrida politsiya karvoniga hujum qilingan. Yo'lda bomba portlab 12 kishi o'lgan, 30 nafari jarohatlangan.

Tolibon bu xuruj uning ishi ekanini tan olgan.

Maqsad politsiya rahbarini o'ldirish edi, deya bayon qilmoqda jangarilar. Ichki ishlar bo’limi rahbari portlashdan omon qolgan.

Afg'onistonda hukumati Tolibonni muzokaraga chorlashda davom etmoqda.

"Tolibon qurolni tashlab, zo'ravonlikni bas qilsa, mamlakat siyosatini shakllantirishda bevosita ishtirok etishi mumkin", - deydi Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay.

Biroq Tolibon rahnamosi Mulla Umar mamlakatni barcha xorijiy askarlar tark etmagunicha tinchlik haqida gap bo'lishi mumkin emas deydi.

Karzay esa xalqaro kuchlar Afg'oniston manfaati uchun xizmat qilmoqda deya javob bermoqda.

BMTning Afg'onistondagi maxsus vakili Kay Idi firkicha Tolibon yetakchilari bilan gaplashish juda muhim.

"Muammoga qo'l uchida yondashsak, natija ham shunga yarasha bo’ladi. Jangari qo'mondonlar bilan gaplashishning o'zi yetmaydi. Bu katta siyosiy jarayon. Shunday ekan Tolibonning mafkuraviy yetakchilari bilan muzokara olib borish kerak",- deydi BMT rasmiysi.

Yaqinlashayotgan saylovlar bu xalq uchun katta sinov, deydi Kay Idi.

"Birinchidan mamlakat urush girdobida. Ikkinchidan aholi savodsiz, ta'lim tizimi nochor, yo'llar harob. Shunday bo'lsada siyosiy debatlar avjida, jamoatchilik saylov kampaniyasida faol ishtirok etmoqda. Bu jarayon o'ta murakkab, lekin qizg'in ruhda o'tmoqda", - deya baho beradi BMT vakili.

Afg'onistonda prezident saylovlari 20 avgustga belgilangan. Nomzodlar 40 dan oshiq. Ular orasidan amaldagi rahbar Hamid Karzayning imkoniyatlari yuqori baholanmoqda.

XS
SM
MD
LG