Amerikaliklar Rossiyaning yangi bazasi haqida nima demoqda?


Rossiyaning Qirg’iziston janubida yangi harbiy baza ochish harakati Amerika siyosiy doiralarini ajablantirayotgani yo’q. AQShning Manasda qolishga muvaffaq bo’lgani Rossiyada kuchli norozilik uyg’otgan edi.

Bu mamlakat tahlilchilari, harbiy mutaxassislari va arboblari nazarida Kreml Qirg’izistonda qo’shinlari sonini oshirib, mintaqaga kim xo’jayin ekanini ko’rsatmoqchi.

AQSh Armiya oliygohi professori, harbiy ekspert Stiven Blenk (Stephen Blank) fikricha bu Rossiya xarakteriga xos harakat.

“Ruslar “nima qilib bo’lsa-da orqada qolmaylik, mintaqa bizniki axir” degan ruhda ish yuritadi”,- deydi olim.

“Gap bu yerda zarurat haqida ketayotgani yo’q”,- deydi Stiven Blenk.

“Bu Rossiyaning shoshilinch qarori. Rossiya iqtisodi ancha zaif ekanini hisobga olsak, Qirg’iziston tomon ham bu borada chuqur o’ylanmagan. Manas masalasidan oldin Rossiya biror baza kerak deb chiqayotgani yo’q edi. Bu shunday siyosiy qarorki, u orqali Rossiya “Markaziy Osiyoda eng qudratli tashqi kuch – bizmiz” demoqda”,- deya fikr bildiradi tahlilchi.

Stiven Blenk ta’biricha baza Vashingtonni qattiq o’ylantirayotgani yo’q.

“Qirg’iziston suveren davlat. Rossiyaga o’z hududida baza ochish uchun ruxsat bermoqchi bo’lsa, buni o’zi biladi. AQSh vaziyatni yaqindan kuzatib turibdi. Amerika Qirg’iziston hukumatini Manasda qolishga ko’ndirgach, Kreml darhol mudofaa vazirini Bishkekka jo’natgan.”,- deydi Stiven Blenk.

Amerikaliklar fikricha Markaziy Osiyo rahbarlari har bir qarorini o’z hokimiyatini saqlab qolish maqsadiga qiladi, xalq ravnaqi yo’lida emas. G’arbda Qirg’iziston prezidenti Kurmanbek Bakiyev noqobil, bo’sh, qa’tiyatsiz rahbar sifatida tilga olinadi.

Qo’shni O’zbekiston yangi bazaga qarshi ekanini ta’kidlar ekan, yaqinda Toshkentda vazirlar va boshqa yuqori lavozimli rasmiylar bilan muloqot qilgan siyosatdon Tomas Sanderson (Thomas Sanderson) “Amerika bu davlat pozitsiyasini tushunadi”,- deydi.

“Bazaning Farg’ona vodiysi – mintaqa yuragida joylashishi, tabiiyki, uzoq davr rus mustamlakasi ostida yashagan xalqlarni xavotirga soladi",- deydi u.

"O’zbek, qirg’iz va tojik yerlari tutashgan hududga hech bir zaruratsiz rus qo’shinlari kirib boradi".

"Hali kelishuv shartlarini bilmaymiz, ammo Rossiya uzoq muddatni ko’zlamoqda. O’zbekistonning xavotirida jon bor”,- deydi siyosatshunos Tomas Sanderson.

Sanderson va u bilan O’zbekistonga safar qilgan boshqa siyosatdonlar Oq Uyga respublika bilan hamkorlikni oshirish kerak deya maslahat bermoqda.

“Islom Karimov Amerika bilan yaqindan ishlashga tayyor ekanini bildirmoqda”,- deydi Tomas Sanderson.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG