Turkiya va Rossiya - raqobatchilikdan hamkorlik sari


Turkiya Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qilib keladi.

Rossiya bilan munosabatlar bugun ancha ijobiy ruhda. Ayni damda bu mamlakatning Bosh vaziri Vladimir Putin Anqarada Turkiya rasmiylari bilan uchrashmoqda.

Anqara Universitetida ilmiy tadqiqot olib borayotgan o'zbek olimi Yulduzbek Musaxonov "Amerika Ovozi"ga intervyu berar ekan, "Turkiya va Rossiya Markaziy Osiyoda o'z ta'siri kuchini oshirish uchun kurashib kelayotgan tarixiy raqiblar",- deydi.

Musaxonov ijtimoiy fanlar doktori va Qirg'izistonda tug'ilib o'sgan.

"Rossiya bu mintaqada eski qudratini qayta tiklamoqchi bo'lsa, Turkiya bu qardosh xalqlarga moddiy va ma'naviy yo'lda hamjihatlik taklif qilmoqda. Shunday ekan Rossiya va Turkiya orasida bu borada ba'zi kelishmovchiliklar vujudga kelgan. Ammo shunga qaramay Rossiya Turkiya bilan muloqot qilmoqda", - deydi Musaxonov.

Rossiya bilan hamkorlik Turkiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan siyosatiga qanday ta'sir qilishi mumkin?

"Markaziy Osiyo davlatlari uzoq davr Rossiya ta'sir doirasida bo'lgan. Ayni damda bu mintaqadagi xalqlar vakillari tirikchilik uchun Rossiyaga borib, oilasini boqmoqda. Turkiyaga kelib non topayotganlar ham ko'p. Bu ikki yirik davlat birgalikda yordam ko'rsatsa, bu xalqlar uchun faqat foydadir", - deydi olim.

Turkiya Amerika bilan hamkor davlatdir. Iroq masalasimi, Afg'onistonmi, Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatishmi, Turkiya Vashington bilan yaqindan ishlab keladi. Rossiya ham "Amerika bilan hamkorlik qilishga tayyormiz" desa-da, sahna ortida raqobatchilik ruhi kuchli.

Turkiya Rossiya va Amerika o'rtasida muvozanatni ta'minlovchi davlat bo'la oladimi?

"Usmoniylar davridami, yohud Turkiya respublikasi tuzilganidan keyin ham Amerika va Rossiyaga nisbatan o'zaro manfaatlarga asoslangan siyosat yuritilgan. Masalan bugungi kunda Turkiya Rossiyaning eng yirik iqtisodiy hamkori. Biroq tarixan siyosiy quvvatlovni Turkiya Amerikadan olib kelgan. Shunday ekan Turkiya muvozanatni saqlashga majbur. Masalan Qora dengiz va Istanbul bo'g'ozidan qo'llanish borasida Turkiya Rossiya pozitsiyasini qo'llasa, Kipr va Yaqin Sharqdagi siyosati yuzasidan Amerika yordami va hayrixohligiga tayanib ish tutmoqda", - deydi o'zbek olimi.

Ayni damda Rossiya Qirg'izistonda ikkinchi bazasini ochish harakatida. Biroq O'zbekiston o'z chegarasi yonida Rossiya qo'shinlari joylashishiga qarshi.

"Yaqin orada katta siyosiy inqiroz vujudga keladi deb aytish qiyin. Masalaga har bir mamlakatning ichki siyosatidan kelib chiqib yondashish kerak",- deydi Yulduzbek Musaxonov.

"O'zbekiston, nazarimda, hech kimga bo'ysunmasdan ish ko'rishga o'rgangan davlat. Biroq Qirg'iziston iqtisodiyoti va O'zbekiston iqtisodiyoti orasida farq katta. Qirg'iziston iqtisodiy muhtojlikdan Rossiya bazasiga rozilik bildirmoqda. Bugun bo'lmasa-da kelajakda bu baza ham iqtisodiy, ham siyosiy, ham ekologik nuqtai nazardan mintaqa davlatlar orasida kelishmovchiliklarga sabab bo'lishi mumkin", - deydi Musaxonov.

XS
SM
MD
LG