O'zbekiston va AQSh orasida muloqot kuchaygan


Amerikadan yangi umidlar, eski xavotirlar

Rossiya hukumatining qayd etishicha uning Qirg’iziston janubidagi yangi bazasi Markaziy Osiyo hayotiga tahdid solmaydi, balki uning tinchligi uchun xizmat qiladi. O’zbekiston nazarida esa baza mintaqaga beqarorlik olib kelishi mumkin.

So’nggi paytda O’zbekiston hukumati va Rossiya orasida aloqalar shu tariqa ancha sovuqlashgan. Amerika bilan oxirgi yillarda taranglashgan munosabatlar esa biroz iligandek.

O’zbekiston tashqi siyosatida bu kabi burilishlar ko’p kuzatilgan. Tahlilchilar Islom Karimovni Rossiya va AQSh bilan bir paytda ijobiy aloqada bo’la olmaydigan, muvozanatli pozitsiyani egallay olmaydigan rahbar deb ataydi.

Karimov Rossiya bilan o’chakishsa Vashingtonga, Amerikadan achchiqlansa Moskvaga qaraydi degan sharhlarni ko’p eshitamiz.

AQSh inson huquqlari bobida tanqidni kuchaytirgach, ayniqsa 2005 yilda Andijon voqealaridan keyin, O’zbekiston bu davlat bilan muloqotni deyarli to’xtatgan va Rossiya - eng ishonchli hamkor deya ko’kka ko’tarilgan edi. Bugun O’zbekiston rasmiylaridan bunday so’zlarni eshitmaysiz. Aksincha, Rossiya – qorabotir.

Yaqinda Toshkentda yuqori lavozimli rasmiylar bilan gaplashgan amerikalik mutaxassislar Vashingtonga “O’zbekiston Amerika bilan aloqalarni kuchaytirishga, u bilan yaqindan ishlashga tayyor” degan xulosa bilan qaytdi.

“Biz O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri, Mudofaa vaziri, Tashqi iqtisodiy aloqalar va sarmoya vaziri va Milliy Xavfsizlik Kengashi kotibi bilan muloqot qildik”,- deydi Vashingtonda asoslangan Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazining yetakchi vakillaridan Tomas Sanderson (Thomas Sanderson).

Sanderson va unga hamfikr siyosatdonlar Barak Obama ma’muriyatiga shunday maslahat bermoqda: Birinchidan, Amerika Markaziy Osiyo davlatlarining har biri bilan alohida so’zlashishi, aloqa yuritishi, ular nimadan xavfsirayotganini tinglashi kerak. Bir narsa aniqki, mintaqa Rossiya, qolaversa Xitoy ta’siridan qutula olmaydi. Ular yaqin va qudratli davlatlar.

Ikkinchidan, Amerika O’zbekiston kabi davlatlarni “biz sizga sodiq va uzoq muddatli do'st bo'lamiz” deya ishontira bilishi lozim.

Hozir, deydi Tomas Sanderson, Amerika Afg’onistondagi urush tufayligina hamkorlik qilmoqda degan fikr hukmron.

“O’zbekistonda, masalan, AQSh ishi bitsa ketadi degan xavotir bor. Odamlar “yana kunimiz Rossiyaga qoladi” deb qo’rqadi. Ular Amerikaning tayanch bo’lishiga ishonmaydi. Vashington Markaziy Osiyo taraqqiyotiga haqiqatdan hissa qo’shmoqchi bo’lsa, ana shu xavotirni yenga olishi kerak. Bu oson bo’lmaydi, ammo harakat qilishga arziydi”,- deydi Tomas Sanderson.

O'zbekiston sarmoya istaydi, huquq borasida gaplashmoqchi emas

O’zbekiston Amerika bilan aloqalarni inson huquqlari haqida gaplashmaslik sharti ostida tiklamoqchi. Karimov ma’muriyati buni amerikalik rasmiylar va ekspertlar bilan muloqotlarda ochiq bildirmoqda va AQShdan asosan sarmoya so’ramoqda.

“Sarmoya kiritish esa Qo’shma Shtatlarda hukumat qo’lida emas. Bu xususiy sektorga havola”,-deydi Tomas Sanderson. “O’zbekistonda bank tizimi talabga javob bermaydi va konvertatsiya murakkab ekanini hisobga olsak”,- deydi mutaxassis, “investitsiya jalb qilish oson emas”.

Amerika yaqin orada moliyaviy yordamni ham oshirmasligi mumkin. Iqtisod zaif, Iroq va Afg’onistondagi urush uchun haftasida milliardlab dollar ketayotgan bir paytda Vashington saxovatpeshalik haqida o’ylayotgani yo’q. “Biroq Afg’onistonga O’zbekiston orqali yuk olib o’tilar ekan, Amerika buning haqini to’laydi”,- deydi Tomas Sanderson.

Xavfsizlik masalasi asosiy o'rinda

Xavfsizlik bobida hamkorlik yaqin kelajakda yanada kuchayishi mumkin ekani ta’kidlanadi. Hozirda Navoiy xalqaro aeroporti va Termizdagi baza (NATO) Afg'onistondagi harbiylarga zarur vositalarni yetkazishda qo'l kelmoqda.

Rossiya Farg’ona vodiysidek qaynoq nuqtaga harbiylarini olib kirish taraddudida ekan, O’zbekiston mintaqada ekstremizm kuchayib, jangarilar faollashishi mumkin deya ogohlantirmoqda. Stiven Blenk singari harbiy ekspertlar bazani qanchalik noo’rin deb bilmasin, O’zbekistonning bu qarashiga qo’shilmaydi.

“Farg’ona vodiysida jangarilar ko’payishining sababi O’zbekiston va qo’shni davlatlarda yuritilayotgan siyosatga borib taqaladi. Rossiyaning xatosi ana shunday muammoli bir hududga bosh suqayotgani”,- deydi AQSh harbiy oliygohida Markaziy Osiyodan dars beruvchi Stiven Blenk (Stephen Blank).

“Amerika bu masalaga aralashmasligi kerak. Bu Markaziy Osiyodagi inter-regional masala. Biz neytral turishimiz kerak”,- deydi ekspert.

O’zbekiston bilan yaqinlashish foydali bo’ladi deb qanchalik uqtirmasin, Tomas Sanderson ham jangarilar aynan ruslar deb xurujlar qilishiga ishonmaydi.

“O’zbekiston Islomiy Harakati, masalan, rus va amerikalik harbiylarga dushman sifatida qarashi tabiiy, ammo ularning asosiy nishoni mahalliy tuzumlar, xususan rahbarlar”,- deydi Tomas Sanderson.

Amerika arboblari orasida Markaziy Osiyoning avtokrat liderlari bilan keskin muloqot qilish kerak deganlar ham; ular bilan til topishib, o'zaro manfaatlardan kelib chiqqan holda ishlash kerak deydiganlar ham yetarli.

Obama ma'muriyati O'zbekiston singari davlatlar bilan qanchalik hamkorlik qila oladi va nimalarga erisha oladi, buni vaqt ko'rsatadi. Vashington rasmiylari yangi rejalar tuzilmoqda deydi, ammo Barak Obamaning o'zi shu kungacha biror fikr bildirmagan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG