Breaking News

Rossiya-Gruziya urushidan bir yil o'tib, mintaqa hamon beqaror


Rossiya-Gruziya urushidan bir yil o’tib, Shimoliy Kavkaz mintaqasi hamon notinch. Xalqaro kuzatuvchilar hudud nazoratini kuchaytirgan. Ushbu sana munosabati bilan Kreml va Tbilisi o’rtasida so’z urushi yana avjida.

Rossiya Janubiy Osetiyaga mahalliy aholini, jumladan fuqarolarimizni Gruziyaning “jinoiy hujumidan” himoya qilish uchun kirganmiz desa, Gruziyaning ta’kidlashicha o’zga mamlakat hududini bosib olgan “agressor” aslida Rossiya.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti vaziyatni “beqaror va qaltis” deb baholaydi. Mintaqani nazorat qilayotgan bu tashkilot Rossiya va Gruziyadan ziddiyatni avj oldiradigan harakat va bayonotlar qilmaslikni so’ramoqda.

O’tgan yili Fransiya vositachiliga erishilgan sulh urushga yakun yasadi-yu, lekin kelishuv shartlari qanchalik bajarilganini tomonlar o’zi xohlaganicha talqin qiladi. Hozir Osetiya va Abxaziyada Rossiyaning sakkiz mingga yaqin qo’shini bor.

Ayrimlar nazarida Kreml bu hududni tark etishdan bosh tortib, kelishuvga amal qilmayapti. Rossiyaning bunga javobi – Gruziya Osetiya va Abxaziyaga yana tajovuz qilishi mumkin, chunki AQSh bu davlatga qurol-aslaha yetkazmoqda.

Sharhlovchilarning qayd etishicha, Qo’shma Shtatlar urushdan beri Gruziya hukumati va armiyasiga yordamni oshirgan va bu Rossiyaning chuqur noroziligiga sabab bo’lmoqda. AQSh Mudofaa vazirligi gruzin zobitlarining harbiy malakasi va bilimini oshirish, texnikasini yangilashga komaklashyapti, ammo har bir qarorni yetti o’lchab bir kesamiz, mintaqa tinchligi va barqarorligi birinchi o’rinda, deydi harbiylar.

Rossiya-Gruziya o’rtasidagi qisqa, besh kunlik urushni tahlil qilgan aksariyat mutaxassislar fikri bir nuqtada kesishadi – Gruziya harbiylari o’tgan yili Janubiy Osetiya poytaxti Tsxinvalini o’qqa tutgani katta xato bo’lgan.

“Voqealar rivojini sinchiklab tekshirsangiz, bir xulosaga kelasiz”, - deydi amerikalik olim Ronald Sani. “Tsxinvalida nazorat o’rnatish maqsadida prezident Mixail Saakashvili shaharga qo’shin kiritgani urushga turtki bergan”.

Kavkaz mintaqasidagi voqealarni kuzatayotgan tahlilchi Oksana Antonenko ham shu fikrda. “Osetiyaga hujum o’ylamasdan qabul qilingan qaror edi. Saakashvili Rossiya provokatsiyasiga uchragani haqiqat deb qabul qilingan taqdirda ham, hujumni oqlab bo’lmaydi. Gruziya harbiylari Osetiyaning tinch aholisiga nisbatan shafqatsiz kuch ishlatgani sir emas”, - deydi Antonenko.

Rossiya armiya va tanklari zudlik bilan hujumni qaytarib, Gruziya ichkarisiga kirib borgani va bir necha kun o’tmay Osetiya va Abxaziyani mustaqil davlatlar deb tan olgani G’arbda keskin qoralangan.

Adovatni to’qnashuv nuqtasiga yetkazgan omillar bor. Siyosatshunos olim Marshal Goldmanning tushuntirishicha, Kreml Tbilisining G’arbga moyilligi va NATO a’zoligi tomon tashlayotgan qadamlarini hech qachon xush ko’rmagan. Natijada ikki bo’lginchi hudud bilan iqtisodiy, tijoriy va siyosiy aloqalarni kuchaytirgan.

“Gruziya buni uning ichki ishlariga aralashuv deb baholagani tabiiy. Rossiyani esa Osetiya va Abxaziyani mustaqillikka undayotgan va mintaqada nizo qo’zg’atayotgan kuch deb ko’rdi. O’zini Gruziyning haqiqiy o’g’loni deb bilgan Saakashvilining chora ko’rishdan, davlat yaxlitligini himoya qilishdan o’zga iloji qolmagandi”, - deya fikr yuritadi Marshal Goldman.

Rossiya qatorida Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olgan yagona davlat bu Nikaragua. “Xalqaro jamoatchilik va albatta Gruziya uchun bu o’lkalar uning tarkibiy qismi”, - deydi Oksana Antonenko. “Biroq Tbilisi bu yerda gapini o’tkaza olishini hozircha tasavvur qilish qiyin”.

Rossiya urushdan so’ng Gruziyani tark etgan bo’lsada, tinchlikparvar kuchlari chegarada qolmoqda. Osetiya va Abxaziyaning katta qismlari hatto xalqaro kuzatuvchilar uchun yopiq. Yaqinda Tbilisiga safar qilgan vitse-prezident Jo Bayden Gruziya rahbariyatini “bu hududlarni harbiy yo’l bilan qaytarishni xayolga ham keltirmang” deb ogohlantirgan.

Ekspertlar ham shu fikrda. Har qanday harbiy harakat olovga moy sepishday gap. Mixail Saakashvili davlat rahbari sifatida bergan va’dalaridan biri Gruziyani birlashtirish ekan, buni qanday amalga oshiradi noma’lum.

XS
SM
MD
LG