Rossiyalik qurol savdogari Tayland qamog'ida qoladi


Tayland qurol-yarog’ kontrabandasida ayblangan rossiyalik tadbirkor Viktor Butni AQShga ektraditsiya qilishdan bosh tortmoqda.

Viktor Butning jinoyatlari, deydi amerikalik tergovchilar, dunyoning turli burchaklarida mojarolarning avj olishiga xizmat qilgan. AQShda rossiyalik tadbirkor kolumbiyalik jangarilarga millionlab dollarga teng qurol sotishga uringanlikda ayblanmoqda.

Gap Kolumbiya Inqilobiy qurolli kuchlari haqida ketmoqda. Tayland sudi qaroriga ko’ra, Viktor But hukumatga qarshi jang qilayotgan bu guruhga qurol sotishga uringan bo’lsa ham, bu uni AQShga topshirish uchun asos bo’la olmaydi. Chunki AQShda bu guruh terrorchi, Taylandda esa siyosiy tashkilot deb ko’riladi.

Sud jarayonini kuzatgan Amerika rasmiylari hukmdan taajjubda.

“Taylandga Viktor But aybini isbotlovchi barcha dalil-hujjatlarni yetkazganmiz, ikki mamlakat o’rtasida ekstraditsiya to’g’risida kelishuv ham bor”, - deydi AQShning Bangkokdagi elchixonasi rasmiysi Jeyms Entvissl.

“O’lim Savdogari” laqabi bilan tanilgan Viktor But o’tgan yili Bangkok mehmonxonasida, AQSh-Tayland qo’shma amaliyotida qo’lga olingan. Amerika agentlari undan raketa va boshqa turdagi qurollarni xarid qilish uchun o’zini kolumbiyalik deb tanishtirgan. Vashington nazarida bu qurollar Amerikaga qarshi ishlatilishi mumkin edi.

Viktor But, shuningdek, Tolibon, Al-Qoida va Afrika diktatorlariga qurol yetkazib berganlikda gumon qilinadi.

XS
SM
MD
LG