Afg'onistonda nomzodlar bahsi keskin tus olmoqda


Afg`onistonda prezidentlik uchun asosiy nomzodlardan Abdulla Abdulla va Ashraf G’ani hamkorlikda o`tkazgan matbuot anjumanidan so`ng Hamid Karzayga qarshi ittifoq shakllanayotgani haqida mulohazalar bildirilmoqda.

Sobiq tashqi ishlar vaziri Abdullo tarfdorlari Karzay g`alaba qilgan taqdirda qurolli namoyishlar boshlashi mumkin ekanini aytmoqda. Bu ayniqsa Afg`oniston shimolida keskin tus olishi mumkin.

“Har xil shantajlar bo`laveradi. Yaqinda Abdullani saylovga javobgar bosh odami biz bunday deganimiz yo`q, bunaqa niyatimiz ham yo`q deb aytdi. Saylovda har xil gaplar aytilaveradi”, -deydi afg`onistonlik o`zbeklardan Hamidulla Ustoz.

Afg`oniston shimolida saylov taqdirini asosan turkiylar va tojiklar hal etadi. Bu jamoalar bugun ikkiga bo`lingan. O`zbeklar yetakchisi general Abdul Rashid Do`stum Hamid Karzayni qo`llashga chaqirmoqda. Tojiklar esa Abdulla Abdullani yoqlab chiqmoqda.

“Karzay biz bilan, boshqa nomzodlar boshqalar bilan kelishgan. O`rtada shartnomalar bor - sen bo`lsang, shu-shu ishlarni bajarishing kerak, qabilida”, - deydi Hamidulla Ustoz.

So’nggi paytda general Do`stum haqida turli xabarlar tarqalgan. Genaral taslim bo`lgan toliblarni o`ldirganlikda gumon qilinmoqda. Hamidulla Ustoz fikricha general Do`stum salomatligi yuzasidan hozir Turkiyada bo`lishi mumkin.

“Generalning vatani -- xohlasa bugun, xohlasa ertaga Afg'onistonga qaytadi”, - deydi Hamidulla Ustoz.

Afg`onistondagi siyosiy jarayonlarda etnik va hududiy birlik hal qiluvchi omillardan. Mamlakatda biror millat ellik foizdan ko`proq aholini tashkil etmaydi. Janubda pushtular, shimolda turkiy xalqlar va tojiklar yashaydi.

Tolibon hokimiyatdan ag’darilgach, ikkinchi bor prezident saylovlari o’tkazilmoqda. Toliblar saylovni boykot qilishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG