AQSh vitse-prezidentining izohi Rossiyada sovuq qarshi olindi


AQSh vitse-prezidenti Jo Bayden fikricha, Rossiya yuzlashayotgan demografik muammolar va iqtisodiy krizis Kremlni G’arb bilan murosa qilishga majbur etadi.

Baydenning Gruziya va Ukrainaga safaridan so’ng qilgan bayonotlari Rossiya hukumatini g’azablantirgan. Vashington Moskva bilan aloqalarni yangilayotgan bir mahalda, deydi kuzatuvchilar, AQSh vitse-prezidentining so’zlari o’zgacha ohangda yangramoqda.

“Rossiya albatta iqtisodiy jihatdan og’ir ahvolda”, - deydi siyosatshunos Stiven Jouns. “Aholisi yildan yilga kamayib boryapti, mamlakatning asosiy eksporti - neft narxi pasaygan. Lekin devorga tirasangiz, Rossiya kuchli, agressiv harakatlar bilan chiqishga qodir mamlakat”.

Prezident Barak Obama Rossiyani AQShga sherik bo’la oladigan kuchli davlat degan. Shu bois uning muovinidan bu gaplarni eshitish taajjubli.

Olim Robert Legvoldning aytishicha, Rossiya va G’arb matbuotida muhokama ketmoqda. “Kimning fikri ko’proq haqiqatni aks ettiradi, Obama yoki Bayden? Mavhumlik qisqa muddatda bo’lsada aloqalarga salbiy ta’sir etishi muqarrar”.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yaqinda bergan intervyusida bahslarga yakun yasashga harakat qildi. “Obamaning Moskvada qilgan bayonotlari AQSh siyosatini aks ettiradi, ya’ni Rossiyani kuchli, tinch, farovon jamiyat sifatida ko’rishni istaymiz”, - deydi Klinton.

Birgalikda qiladigan ishlarimiz bir dunyo deya, Klinton Eron va Shimoliy Koreya bilan bog’liq muammolarda Rossiya rolini tilga oldi.

XS
SM
MD
LG