Tojikistonda millatchilik mafkurasi quloch yozmoqda


Tojikistondagi 7 milliondan ortiq aholining 25 foizga yaqinini, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, o’zbeklar tashkil etadi. Markaziy Osiyodagi biror mamlakatda titul millatdan o’zga elat soni bu qadar ko’p emas.

Tojikistondagi bugungi milliy mafkura, ziyolilar nazarida, ijtimoiy ixtiloflarga yetaklamoqda. Tojik millatini buyuklashtirish siyosati o’zbeklarga qimmatga tushmoqda, deydi ular.

Tojikistondagi ayrim jamiyatshunoslarga ko’ra, respublikada keyingi vaqtlarda milliyatchilik kuchayib borayotgandek ko’rinadi. Bu ayniqsa republikada aholi soni jihatidan tojiklardan keyin, ikkinchi o’rinda turadigan o’zbeklar hayotida sezilishi mumkin.

O’zbeklarning o’z farzandlarini tojik maktablariga berayotgani, yuqori amal pog’onalari va kuch tizimlarida o’zbeklar soni kamayib borayotgani buning isbotidir. Bu haqda o’zbek ziyolilari ochiq gapirishni istamaydilar, ammo gap-gashtak va choyxonalarda dardlashadilar.

Tojikistonlik o’zbek shoiri Jamshid fikricha, sivilizatsiya rivojlanib borgan sari milliyatchilik ahamiyat kasb etmaydi. Lekin shunday bo’lsada, shoir Jamshid milliylikni birinchi o’rinda ko’rish lozim deb biladi.

“Тaraqqiyot bilan birga oqish uchun odamlar o’z millatidan voz kecha boshlaydi. Men hayotimda ozgina amal olish uchun o’zbek millatini bir kunda tojik qilib yozdiruvchilarni uchratib turibman. Yoki o’z navbatida amal olish uchun o’zini tojikligidan voz kechib, o’zbekka aylantirib olganlarini eshitib, ko’rib, bilib turibman. Xudo tomonidan yaratilgan bu milliylik ne’matiga sivilizatsiya nuqtai nazaridan sun’iy ravishda ta’sir qilib, taraqqiyotga moslashtirib yozishlariga men tarafdorlik qilolmayman”, - deydi o’zbek shoiri Jamshid.

Huquqshunos va jurnalist Po’latxon Umarov ham Tojikiston fuqarolari o’z millatiga vafodor qolmas ekan, unday insonlardan davlat xoinlari chiqishi mumkinligini urg’uydi. Nafaqat Tojikistonda, balki butun Markaziy Osiyoda milliylik masalasi G’arbdagiga qaraganda ancha farqli bo’lib, milliyatchilik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlaydi.

Uning aytishicha, bir mamlakatda yashayotgan turfa millat vakillarini davlat tiliga moslashtirishga intilish yoki milliylikni himoyalashga qarshi harakatlar g’ayriqonuniy hisoblanadi va xalqaro huquq tamoyillariga ziddir.

“Boshqa millat vakillarini qanchalik mana buni o’qi, mana bunday gapir, mana bu tilda o’qi desalar ham, o’sha mllatni qalbida mung qoladi”, - deydi huquqshunos.

Shoir Jamshid bugungi o’lka xalqlari tarixidan misol keltirarkan, milliy qadriyatlar baribir saqlanib qolishiga urg’u beradi.

“Bizni O’rta Osiyoni o’tmishda mo’g’ullar, arablar, boshqa-boshqalar bosib oldi. Biz hamon chiroq piltalar o’raymiz, hamon olovlar ustidan sakraymiz, ota-bobolarimiz qabrlariga borib tilovatlar qilamiz. Bosib kelgan bosqinchilar o’zlarini madaniyatini bizga majburan o’tkazamiz deb 100-200 yil yashadi. Lekin baribir chekindi, rad qilindi va xalq o’zini eski madaniyati bilan yashab keldi. Yer yuzida 50 millat bor, ular o’z tillarini yo’qotmay yashayversinlar. Buning uchun davlat rahbarlarini donoligi, donishmandligi yetishmaydi xolos”,- deydi shoir Jamshid.

Ba’zi bir mahalliy tahlilchilarga ko’ra, o’lkada milliy bag’rikenglikning yo’qligi ham yangi ixtiloflar o’chog’i paydo bo’lishiga sabab bo’lishi mumkin.

XS
SM
MD
LG