O'zbek ziyolilari Afg'onistondagi saylovlarni sharhlaydi


Afg'oniston janubida Tolibon faol ekan, bu saylov natijalariga ta’sir qilishi, aholi ovoz berishga chiqmasligi mumkin degan xavotir bor.

Nisbatan tinch sanalmish shimol ahlining siyosiy roli kuchaymoqda.

General Do'stum tarafdorlari Karzayga shart qo'ymoqda

Saylovga sanoqli kunlar qolganda Afg`oniston shimolida general Abdul Rashid Do`stum tarafdorlari namoyish o’tkazdi. Afg`oniston milliy islom harakati boshchilik qilgan bu yig’in qatnashchilari Hamid Karzaydan general Do`stumni mamlakatga qaytarishni talab qilgan.

Prezident talabga ko’nmasa, o`zbeklar Karzayning asosiy raqibi Abdulla Abdullaga ovoz beradi. O`zbeklar sardori Do`stum va yana bir yetakchi Akbarboy o`rtasida kelishmovchilik sabab va undan keyingi tergovlar ostida general Turkiyaga chiqib ketgan edi.

Saylov kampaniyasi boshida Karzay Afg`oniston islom milliy harakati asoschisi - Do`stum bilan ittifoqqa borgan edi. General tarafdorlarini Karzayni qo’llab-quvvatlashga chaqirgan. Karzay bu ittifoq yordamida shimolda yashayotgan turkiy xalqlar ovozini olmoqchi.

Kelishuv, shuningdek, general Do`stumni lavozimida tiklashni, uning faoliyati bilan bog`liq mojaroni tinchitishni nazarda tutadi. Afg`onistonni Javjon va Faryob viloyatlarida o`tgan namoyishlarda general Do`stumni 16 avgustgacha mamlakatga qaytarish talab qilingan, aks holda saylov boykot qilinadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Hamid Karzay Turkiyaga safari chog`ida general bilan uchrashgan va uni mamalakatga qaytishga undagan. Biroq oradan biroz o`tib AQSh prezidenti Barak Obama 2001 yilda asirdagi toliblar o`limi yuzasidan tekshiruv o`tkazishga chaqirdi. Asirlar o`ldirilishida AQSh bilan ittifoqda toliblarga qarshi kurashgan Do`stum gumon qilinadi. General tarafdorlari bu ayblovlarni rad etadi.

Tojik va o'zbeklar Abdulla Abdulla tomon og'ayotgan ko'rinadi

Biror millat ellik foizdan ko`p bo`lmagan Afg`onistonda nomzodlar milliy yetakchilar bilan ittifoq tuzishga urinmoqda. Ba’zilar pushtu millatiga mansub Hamid Karzayning asosiy raqibi Abdulla Abdullada imkoniyati kengayganini ta`kidlamoqda.

Abdulla Abdullaning otasi pushtu, onasi tojik. Bir muddat Karzay hukumatida tashqi ishlar vaziri bo`lib ishlagan, Shimoliy alyans faollaridan biri, tojiklar orasida mashhur yetakchilardan. Abdulla o`z dasturida federal bosqaruv tizimini rivojlantirishni va`da qilmoqda.

Nomzodning bu va`dalari federativ boshqaruv tarafdori bo`lgan o`zbeklarga ham ma’qul. Ayrimlar Karzayning faoliyati o `zbeklar uchun hech narsa bermaganini aytishmoqda.

Af`goniston aholisi 28 million atrofida, ulardan qanchasi turkiylar ekan ma`lum emas. 2004 yilda prezident saylovlarida general Do`stumning 10 foiz ovoz olgani, turkiylar ovozi salmoqli ekanini ko`rsatdi. Afg`onistonni O`zbekistondagi elchisi Muhammad Iso Masbehning aytishicha, turkiylar azaldan 9 viloyatda yashab keladi.

“Turkiylar hukumat idoralarida ham ishlashadi. Loya Jirg`a (butunafg’on majlisi) qaroriga ko`ra, o`zbek tili turkiylar zich yashaydigan joylarda rasmiy til sifatida belgilangan”, - deydi Muhammad Iso.

Saylov ikki bosqichdan iborat bo'ladi

Saylovning ikki bosqichda o`tishi ehtimoldan xoli emas. Ayrim viloyatlar hamon toliblar hukmronligida, boshqalarida esa aholining saylovga xohish-qiziqishi sust baholanadi.

“Ayrim tumanlarda odamlar saylov qog`ozini ham ololgani yo`q, chunki ular toliblar qo`lida”, - deydi afg`onistonlik o`zbek.

“Karzay o`z dasturida ochiq aytishi kerak – “Afg`oniston federativ davlat bo`ladi”. Viloyatlarni birlashtirgan federativ davlat. Lekin davlatni prezident boshqaradi. Prezidentni esa Loya Jirg`ada yig`ilib ham saylash mumkin”, - deydi tarixchi olim Goga Hidoyatov.

Sharhlovchilar: Afg`onistondagi urushda tashqi kuchlarning ta`siri kuchli

“Masalan, Eron shialarni qo`llab turgan bo`lsa, Markaziy Osiyo davlatlari shimoliy xalqlarni qo`llab quvvatlaydi. Pokiston razvedkasi esa Toliblar bilan aloqani ushlab turibdi. Beqarorlik shundan boshlangan. Barqarorlikka kelishish ham shu tomondan boshlanishi kerak”, - deydi sharhlovchi Farxod Tolipov.

Rasmiy Toshkentning Afg`onistonda o`zbeklar taqdiri yuzasidan faol pozitsiya bildirgani sezilmaydi. Prezident Islom Karimov chiqishlarida asosan e`tiborni mojaroni qurol yo`li bilan hal etib bo`lmasligiga qaratadi. Sharhlovchilar nazarida keyingi paytda O`zbekiston Afg`oniston masalasida jonliroq harakat qila boshlagan. Noharbiy yuklarni yetkazishga rozilik bergan.

O'zbekiston Afg'oniston orqali dengizga chiqishi mumkin

Yaqinda O`zbekiston va Mozori Sharifni ulaydigan temir yo`l qurilishi boshlanishi kerak. O`zbekistonlik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilayotgan bu loyihani Osiyo Taraqqiyot Banki moliyalamoqda. Tahlilchilar Afg`onistonni O`zbekiston uchun dengizga chiqishning eng yaqin yo`li sifatida e`tirof etadi.

Temir yo`l O`zbekistonga Afg`oniston va Eron orqali Hind okeaniga chiqish imkonini beradi. Rasmiy Toshkent qo’shni davlatdagi barqarorlikdan geosiyosiy jihatdan ham manfaatdor. Hozircha O`zbekiston dunyo bozoriga Rossiya orqali chiqadi.

XS
SM
MD
LG