Afg'onistonda prezidentlikka nomzodlarga yaqindan nazar


Afg’oniston xalqi shu hafta prezident uchun ovoz beradi. Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, nomzodlar orasida amaldagi rahbar Hamid Karzay peshqadam. Biroq siyosatdonlar “oldindan xulosa qilishga shoshmang” demoqda.

Hamid Karzay bugun mamlakat zaxiralari, armiya va politsiyaga bosh-qosh. Xorij davlatlari ajratayotgan milliardlab dollar taqsimoti ham Karzay zimmasida.

Holbuki, jamoatchilik orasida unga qarshi tanqidiy so’zlar tez-tez quloqqa chalina boshlagan. Afg’onistonda ildiz otgan korrupsiya va iqtisodiy qoloqlikda aholi Karzayni ayblaydi.

Prezident Bush davrida Karzay AQSh madadi va tahsinidan yayragan bo’lsa, bugun aksincha. Obama ma’muriyati asosan neytral pozitsiyada, ba’zida e’tirozini ham yashirmaydi.

Vashington nazarida Karzay hukumati boshqaruvni eplay olmayapti, poraxo’rlik va korrupsiya avjida, uning esa parvoyi falak. Lekin g’alaba qilsa, Karzay bilan ishlash kerak bo’ladi, shu bois Vashington orani buzmoqchi emas.

Karzay asli pushtu, bir necha afg’on shohini dunyoga keltirgan Populzay naslidan. Hindistonda ta’lim olib, sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy davrida tashqi ishlar vaziri muovini bo’lib ishlagan. Hamid Karzay 2001 yilda Tolibon hukumati ag’darilgach, muvaqqat rahbar etib tayinlandi. 2004 yilda esa birinchi bor prezidentlikka saylangan.

Yilda to’rt fasl qorako’l telpak, ko’k choponini yelkasidan qo’ymaydigan Karzayni “Kobul hokimi” deb ham atashadi. Xalq shu tariqa uning poytaxtdan nariga tishi o’tmaydi, deb sha’ma qiladi.

Hamid Karzay qayta saylanishdan umidvor. “Prezident bo’lsam, armiyani kuchaytirib, Tolibon bilan muzokara boshlayman” deydi u.

Biroq Afg’oniston janubida jangarilar faol ekan, hudud ahli saylovda qatnashmasligi mumkin degan xavotir bor. Karzayning ishongan tog’i – pushtular esa asosan janubda yashaydi.

Tahlilchilar nazarida esa Karzay sobiq tashqi ishlar vaziri, prezident bo’laman deb astoydil kirishgan Abdulla Abdulladan ehtiyot bo’lishi kerak.

Tojik millatiga mansub, kasbi vrach – oftalmolog Abdulla Abdulla 48 yoshda.

U oldin Karzay qo’li ostida tashqi ishlar vazirligini boshqargan. 2006 yilda ishdan bo’shab, prezidentning ashaddiy tanqidchisiga aylangan.

“Karzay bo’lib tashla, hukmronlik qil qabilida ish tutmoqda,” deydi u.

Abdulla Sovet bosqini va toliblarga qarshi kurashgan, Tolibon ag’darilgach, yangi hukumatni tuzishda faol qatnashgan arbob. Mujohidlar yetakchisi Ahmad Shoh Masudning yaqin maslakdoshi bo’lgan.

Prezident etib saylansa, Abdulla Abdulla prezident vakolatini qisqartirishga, parlament boshqaruv tizimini yaratishga va’da bermoqda. Afg’onistonning 34 viloyati va 400 tumanida hokimu-rasmiylarni saylash kerak, deydi u. Hozir mamlakatda hokimlar markazdan tayinlanadi. Qo’mondon va toliblardan charchagan afg’on xalqi uchun o’qimishli, vrach, ziyoli Abdulla Abdulla yangi zamon vakili.

Afg’oniston prezident poygalarida nomi ko’p tilga olinayotgan yana bir nomzod – Ashraf G’ani Ahmadzay. Sobiq moliya vaziri, prezident Hamid Karzayning maslahatchilaridan. Barcha nomzodlar orasida xat-savod va ma’lumot bobida oldinda. O’tmishda Jahon Banki va Birlashgan Millatlar Tashkilotida, yaqin-yaqingacha Kobul Universiteti rektori bo’lib xizmat qilgan. Qo’shma Shtatlarda ta’lim olgan bu arbob Afg’onistonning nufuzli Ahmadzay Pushtu naslidan.

Ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, bu nomzod Karzay va Abdulladan sal ortda ketmoqda. Biroq ba’zi tahlilchilar nazarida urushdan qaqshagan Afg’onistonga siyosat va iqtisodiyotda toblangan Ahhmadzayday rahbar kerak. U moliya vaziri bo’lgan davrda mamlakatda valyuta va bank tizimi isloh qilindi, badavlat aholiga soliq solindi.

Islohotchi deya tanilgan Ahmadzay Karzayni korrupsiyada ayblab keladi. “Karzay xalq ishonchini qo’ldan boy berib, rahbar lavozimiga yaramay qoldi,” deydi u.

Prezident bo’lsa, Ashraf G’ani Afg’onistonda qoradori savdosini yo’q qilishga, ochiq siyosat yuritishga, madrasa va universitetlar ochib, bolalar ta’lim olishi uchun qulay muhit yaratishga va’da bermoqda. Uning zaif tomoni, deydi tahlilchilar, umrining yarmi xorijda o’tganida. Ashraf G’ani 1970-yillarda Afg’onistonni tark etgan.

Ashraf G’ani internetda shiddatli kampaniya boshlagan. Televideniye, radio, studentlar yordamidan keng foydalangan birinchi nomzodlardan. Saylov bobida unga amerikalik siyosatchi Jeyms Karvil maslahat bermoqda. Karvil 1992 yilda Bill Klinton g’alabasiga katta hissa qo’shgan mutaxassis.

20 avgust - saylov kuni g’olib 50 foizdan ko’p ovoz to’plashi kerak. Aks holda eng ko’p ovoz olgan ikki arbob 1 oktyabrda qayta bellashadi.

Ba’zilar Qo’shma Shtatlar qaysi nomzodni yoqlamoqda deb savol beradi. Ashraf G’ani Ahmadzay va Abdulla Abdulla yil boshida Obamaning qasamyod marosimida ishtirok etgan edi.

Arboblar AQSh madadi muhim ekanini biladi, biroq hech biri Amerikaning yor-birodari bo’lib ko’rinmoqchi emas.


XS
SM
MD
LG