Breaking News

Do'stumning partiyasi Hamid Karzay tomonda


Afg’onistonda prezident saylovi oldidan shimoldagi yirik siyosiy kuch “Junbushi Milliy Islomiy” partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stumning Turkiyadan qaytgani jahon matbuotida keng yoritilmoqda.

Do’stum o’z tarafdorlarini mamlakat rahbari Hamid Karzayni qo’llab-quvvatlashga chaqirgan.

Generalning Kobulga qaytgani AQSh hukumati va xalqaro tashkilotlarni xavotirga solib, kuchli norozilik ruhi sezilmoqda. Ular nazarida Do'stum harbiy jinoyatlarda ayblangan va demokratik jarayonlarga soya solishi mumkin.

Prezident Karzay esa Do’stumning vatanga qaytishiga hech qanday to’siq yo’qligini aytib, uning xavfsizligi ta'minlanadi deya bildirgan.

General Do’stum ham kecha omma oldida gapirib, "Hamid Karzay bilan murosa qilishimiz kerak", - degan.

Do'stumning “Junbushi Milliy Islomiy” partiyasi a’zolaridan biri Said Anvar Sadad "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, hukumat bu borada rasmiy bayonot berdimi, demak norozilik bo'lmasligi kerak.

Lekin Do'stum va uning tarafdorlari yaqingacha Karzayni tanqid qilib kelayotgan edi. Bugungi qo'llab-quvvatlovga sabab nima?

"Oldin partiyamiz safida Karzay tanqidchilar talaygina edi. Hozir vaziyat o'zgardi. Maqsad Afg'onistonda tinchlikni saqlash, mavjud demokratik islohotlarni davom ettirish ekan, bu borada amaldagi hukumat bilan birgalikda harakat qilishga ahd qilindi. Qonuniy hukumat saylangach barcha afg'onlar bir maqsad ostida birlashsa foydali bo'ladi", - deydi Said Anvar Sadad.

Afg'onistondagi o'zbeklar Do'stumning Karzay bilan yaqinlashganiga shubha bilan qaramayaptimi?

"Yo'q", - deb javob beradi Sadad.

"Hamid Karzay saylovlarda yutib chiqsa, butun Afg'onistonda demokratik islohotlarga keng yo'l ochishini, barcha qarorlarini maslahatlashib qabul qilishini bildirmoqda. Shunga va'da beryapti. Uning so'zlariga hozircha ishonyapmiz", - deydi Sadad.

Lekin ayrim o'zbeklar prezidentlikka sobiq tashqi ishlar vaziri, tojik millatiga mansub Abdulla Abdullani yoqlab chiqmoqda. Abdulla kuchli federal tizim tuzish taklifini olg'a surmoqda.

Do'stumning tarafdorlari esa "Jamoamizning aksariyati Abdullaning va'dalariga ishonmay qaraydi",- deydi.

"Sabab, o'tmishda Abdulla ishlagan hukumat biron mushkulimizni oson qilib berganini ko'rmadik. U yuqori lavozimlarda 30 yildan ziyod faoliyat yuritdi. Amalda nima qilganiga qarab Abdullaning gaplariga ishonish qiyin", - deydi o'zbek faoli Said Anvar Sadad.

XS
SM
MD
LG