Breaking News

Amerikada ishsizlik darajasi qariyb 10 foizga yetgan




Amerikada ishsizlik 5 foizga yetganda, odamlar dahshatga tushayotgan edi. Bugun bu mamlakatda ishsiz yurganlar aholining 9.5 foizini tashkil etmoqda.

O’tgan biroy ichida bu raqam deyarli o’zgarmagani hukumat nazarida ijobiy hol. Bu degani, deydi rasmiylar, ishidan ayrilayotganlar kam. Ishsiz qolayotganlar va yangi ish topayotganlar soni bir-biriga taqqoslanmoqda.

Amerika kompaniyalari odamlarni ishdan bo’shatishda davom etmoqda, iqtisod og’ir. Lekin o’tgan bir oy nisbatan yengilroq davr bo’ldi.

AQSh Mehnat vazirligi rasmiysi Kit Xollning aytishicha bu vaqt mobaynida 247 ming kishi ishidan ayrilgan. O’tgan bir yil ichida kuzatilgan eng past ko’rsatkich.

"Kimdir ishini yo’qotsa, yana kimdir yangi ishli bo’layapti. Orada muvozanat bor. Bu bizni quvontiradi. Yangi ish o’rinlari yaratilayapti”,- deydi rasmiy.

2008 yilning aprel oyidan beri Amerikada millionlab insonlar ishidan va daromad manvbaidan ayrilgan.

Yangi ish o’rinlari asosan ishlab chiqarish sohasida yaratilmoqda. AQShda ish haqida soatiga to’lanadi. Eng kami bilan 7 dollar 25 sent. Ammo haftasida 40 soat ishlab topilgan 1100-1200 dollar bilan bu davlatda kun ko’rish oson emas.

Amerika aksiya bozorida savdo biroz oldinga siljib, sarmoya oqimi kengayar ekan, odamlar umidga to’la.

Iqtisodiy tahlilchi Maykl Santoli og’ir kunlar orqada qoldi, kelajak porloq deydi.

“Xususiy sektor qattiq zarba yegan. Qayta oyoqqa turishi uchun vaqt kerak. Ammo odamlar mehnat qilayapti, umidni boy bermayapti”,- deydi u.

Ishsizlar soni oshmayotgani, deydi prezident Barak Obama, katta yutuq. Ammo davlat bu insonlarni ish bilan ta’minlashi kerak.

“Millionlab fuqarolar ishsiz yuribdi. Mehnat qilaman degan har bir amerikalik ishli bo’lmaguncha biz ahvol yaxshilandi deya olmaymiz”,- deydi prezident.

Inqirozdan chiqqan kompaniyalar odamlarni ishga qayta yollamoqda. G’arbiy Virjiniya shtatida, masalan, Simonton Windows korxonasi o’tgan yili bo’shatgan 263 xodimini qayta ishga olgan. Firma rahbari Mark Savant davlat ajratgan yordam puli asqotdi deydi.

“Bir tomondan hukumat katta yordam berdi. Ikkinchi tomodan esa iqtisodiyot ancha oyoqqa tura boshladi. Daromad yomon emas. Ishchilarimizni qayta chaqirdik”.

Mendi Styuart oldingi, sevimli ishiga qaytganidan xursand.

“Ishsiz qolib end nima qilaman deb o’tirgan edim. Ishxonam mana qayta yolladi. Oilamda bayram”,- deydi u.

Lekin Amerikada yana millionlab aholi ishsiz ekanini, asosan ijtimoiy yordam bilan kun ko’rayotganini hisobga olsak, iqtisodiy inqiroz chekindi deya olmaymiz. Yil oxirigacha ishsizlar soni 10 foizga, ya’ni 30 millionga chiqishi mumkin.


XS
SM
MD
LG