Breaking News

Faol muslimalar: Eskicha qarashdan voz kechish kerak




G’arbda musulmon ayollari haqida asosan bir yoqlama tasavvur shakllangan: itoatkor, ma’suma, zaif bir ma’budalar.

Amerikaning Ogayo shtatida yashovchi shijoatli musulmon ayoli bu eski, yanglish tasavvur deydi.

Asli afg’on Salmina Siddiqiy juda band professional ayol, ammo uy ishlari va oilasiga qarashga ham ulguradi.

Salmina jamoatchilik orasida faol muslima sifatida tanilgan. Mahalla-ko’yning hurmatini qozongan. Toledo shahrining taniqli fuqarosi. U maktab va masjidni o’z ichiga olgan islomiy markazning ilk ayol prezidenti.

“Juda mas’uliyatli ish, xoh ayol, xoh erkak kishi uchun bo’lsin. Qo’lim ishda-yu, o’zim o’ylab qolaman – to’g’ri qaror qabul qildimmi, shu lavozimga loyiqmanmi? ”

Ogayo shtatining Toledo shahri industrial – sanoatlashgan hudud sanaladi. Undagi islomiy markazga 20 yil oldin asos solingan. U paytlari oddiy bir machit edi.

Hozir esa muhtasham bir markazga aylanib, mingdan oshiq a’zosi bor. Bu dargoh kundalik hayotini xotin-qizlarsiz tasavvur qilish qiyin.

“Faol ayollarimiz ko’p. Butun markazni uch ayol boshqaramiz”.

Salmina islomga, ayniqsa, musulmon ayollariga bo’lgan salbiy munosabat, eski qarashlarni o’zgartirishni istaydi.

Xotin-qizlar ta’lim olishi mumkinmas; ayol kishi uyidan erkak hamrohsiz chiqa olmaydi; qiz-juvonlar ust-boshini o’rab yurishi kerak kabi qoidalar, uning fikricha, islomga umuman zid.

"Islom dini",- deydi u, "ayolning xohish-istagi, tanlash huquqini hurmat qiladi. Payg’ambar Muhammad davrida ham ayollar faol bo’lgan".

“Ular birovdan yashirinmagan. Mard-jasoratli ayollar bo’lgan. Urushda ham, kasbda ham erkaklar bilan yelkama-yelka turgib, xizmat qilgan”,- deydi muslima.

Salmina ham oilaviy biznesni eri bilan teng yuritadi. Turmush o’rtog’i Ahmad Siddiqiyning avtomobil biznesida hisob-kitob, kompyuter bilan bog’liq ishlar Salminaning zimmasida. Islomiy markazga rahbar bo’lishga undagan ham eri.

“Musulmon jamoasini boshqara oladigan uquvli odam kerak edi. Bu ish Salminaning qo’lidan keladi. Doimo uning yoqlab kelaman”,- deydi u.

Salmina Siddiqiyning aytishicha, biror kimsa jarosat qilib, boshlab bersa, qolganlar ham ergashadi. U markazdagi yoshlarni faolroq bo’lishga undamoqda. Markazdagi ayollar har xil loyihalar ustida ishlamoqda, ammo "Amerika Ovozi" bilan kamera oldida gapirishga tortinadi.

Siddiqiy musulmonlar harakatchan bo’lishi, nom qozonishi kerak degan fikrda.

“Siyosiy, ijtimoiy sohalarda muvaffaqiyatga erishgan odamlarimiz yo’q. Ba’zilar bu muhim emas-ku deyishi mumkin, menimcha esa bu g’oyat dolzarb masala”.

Salmina Siddiqiy markazni bir yil boshqaradi. O’rniga yangi rahbar keladi. Xotin-qizlar ilm-ma’rifatga intilishi, xat-savodli bo’lishi kerak.

"Chunki, bilim – insonning eng vafodor do’sti, tayanchi",- deydi u.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG