Faryobda o'zbeklar e'tibor va yordamdan umidvor


Afg’oniston shimolidagi Faryob viloyati - Turkmaniston bilan chegaradosh muhim mintaqa.

2 milliondan oshiq aholining yarmidan ko’pi o’zbeklar. Faryob yuz minglab tojik va pushtularga ham vatan.

Poytaxt Maymana Afg’onistonning obod shaharlaridan biri.

Viloyat boshqa joylarga qaraganda nisbatan tinch. Lekin barqarorlik uzoq yillik urushlardan chiqa olmayotgan Afg’onistonning bu qismida ham o’zgacha ma’no kasb etadi. Boshqaruv zaif, jangarilar faol ekan, odamlar ertaga nima bo'lishini bilmaydi.

Faryob afg’on zaminining boshqa qismlari singari tarixiy va tabiiy jihatdan boy. Uning qa’ri zaxiralar bilan to’la degan ilmiy taxminlar ham bor.

2001 yilda Tolibon hokimiyatdan ag’darilib, yangi tuzum ish boshlagach xalqaro hamjamiyatdan kelgan yordamning muayyan bir qismi Faryobda sarflandi. Qayta qurilish ishlariga Norvegiya davlati boshchilik qiladi.

Ahvol nisbatan ijobiy ekaniga qaramay faryobliklar orasida ham ishsiz va savodsiz yurganlar, markaziy hukumatdan e’tibor va yordam kutib yashayotganlar ko’pchilikni tashkil etadi.

Toshqin Bahoiy, maymanalik ziyoli fikricha bu viloyat bugungi saylovlarda amaldagi rahbar Hamid Karzay, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulla Abdulla va sobiq moliya vaziri Ashraf G’ani Ahmadzay orasida bo’linsa ajabmas.

“Saylov uchastkalariga ko’p odam keldi. Ayollar deysizmi, oqsoqollar, ziyolilar qatnashdi. Lekin bu yilgi saylov avvalgi prezident sayloviga qaraganda uncha qiziq bo’lmadi”,- deydi Bahoiy.

Ovoz bergan fuqaroning barmog’iga siyoh surtilar ekan, Tolibon “bu odamlarni topib, ularning barmog’ini kesamiz” deya tahdid qilgach, omma ancha dahshatga tushgan. Ziyoli nazarida saylov markazlarida xavfsizlik qanchalik mahkam bo’lmasin, jamoatchilik orasida ovoz berishdan tortinish ko’zga tashlangan.

Toshqin Bahoiy Faryobda yaqin yillarda qayta ochilgan, ammo ancha nochor universitetda o’zbek tili va adabiyotidan dars beradi. Ilm maskanlarida, deydi u, mablag’, muallimlar va o’quv qurollari yetishmaydi.

“Afg’oniston asosiy qonunining 6-moddasida o’zbek tili uchinchi rasmiy til deb tan olingan. 43-moddada yozilganki, davlat mana shu tillarning ravnaqi uchun vazifador. Lekin Karzay janoblari hukumatda mana yetti yil o’tirgan bo’lsa, bu borada hech qanday amaliy qadam tashlamadi. Bir misol, 1-4 sinflar uchun o’zbek tili kitobi chop etildi, biroq bu darsliklar maktablarda necha soat o’qitilishi kerakligi belgilanmagan. Reja yo’q”,- deydi Toshqin Bahoiy.

Afg’onistonda xalq va hukumat bir-biridan juda uzoq, deydi muallim. Odamlar og’ir hayotga o’rganib ketgan. Muammolarni yechish uchun hukumatga murojaat qilishdan foyda yo’q deb yashaydi.

Bugun prezident uchun ovoz berganlar kelajakdan umidvor ammo, deydi u, “Ertaga bu rahbarlar turmushimizni yengil qiladi deb ishonmaymiz”.

“So’zdan amalga o’tish kerak. Hukumatga kim kelishidan qat’iy nazar bizga ishni eplay oladigan rahbar kerak. Hukumatga ishlaydigan qo’mondon-u amaldorlar, hammasi hokimiyatga sherik bo’lishni istaydi. Siyosiy partiya va liderlarning talablari ko’p hollarda biznikidan farq qiladi. Ular oddiy xalq dardiga ahamiyat bermaydi. Odamlarning talabi chetda qolaveradi”,- deydi Toshqin Bahoiy.

Afg’onistonda 15, 6 million odam ovoz berishi kutilgan edi. Ularning katta qismi saylov uchastkalariga chiqmagan. Saylovchilarning 40 foizga yaqini ayollar.

Afg’onistonda mahalliy qonunchilik organlariga ham vakillar saylash uchun ovoz berildi.

Nomzodlar orasida o’zbek ayollari ham bor, xususan Faryobda Halima Shevo ismli faol viloyat kengashiga saylanish umidida.

Jarayonda ko’plab xato va muammolar kuzatilgan, ammo rasmiylar bu umum natijaga ta’sir qilmaydi deb ta’kidlamoqda.

7367 mahalliy kuzatuvchi va xorijlik taxminan 442 mehmonning ko’pi xulosa qilishga shoshmayapti.

Afg’oniston Mustaqil Saylov Komissiyasining bildirishicha natija kelasi 2-3 kun ichida aniq bo’ladi.

Lekin tog’li, zamonaviy transport vositalari yetishi qiyin bo’lgan hududlarga byulletenlar asosan eshak va otlarda tashilgan. Saylov karvonlari qachon manzilga yetib, berilgan ovozlar sanalib, yakuniy raqamlar aytiladi, bu hozircha noma’lum.

Saylovlarni, komissiyaning bildirishicha, 500 ga yaqin mahalliy va 255 chet el axborot vositalari yoritmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG