O'zbeklar fikricha Karzay Do'stum yordamiga muhtoj


AQSh matbuoti tahlilicha, Afg’onistondagi o’zbeklar sardori, “Junbushi Milliy Islomiy Afg’oniston” partiyasi rahbari general Abdul Rashid Do’stum vataniga qaytib, tarafdorlarini prezident Hamid Karzayga ovoz berishga undashi, ular o’rtasida kelishuv borligidan dalolat beradi.

Lekin saylov birinchi bosqichdayoq hal bo’lmasligi ham mumkin.

AQSh hukumati qator harbiy jinoyatlarga aloqadorlikda ayblanayotgan general Do’stumning saylov jarayonida qatnashishidan va u singari boshqa qo'mondonlarga maqom berilishidan xavotirda.

“The Washington Post” gazetasida yozilishicha, prezident Hamid Karzay o’tgan saylovlarda jami 10 foiz to’plagan general Do’stum nufuzidan foydalanib Afg’oniston shimolidagi o’zbeklar ovozini olishga urinmoqda. Ba’zi xabarlarga ko’ra, general Do’stum buning evaziga Karzayning saylovlardagi asosiy raqibi – doktor Abdulla Abdulla nomzodini qo’llab-quvvatlayotgan Balx viloyati hokimining o’rniga o’tirishi mumkin.

Asadulla domla Volvolijiy ismli ziyoli nazarida Karzay Do’stumning saylovdan oldin mamlakatga qaytishidan manfaatdor.

Shunga qaramay Afg’oniston shimolidagi mahalliy o’zbeklarning bir qismi Karzayni qo’llab-quvvatlasa, boshqalar federal davlat g’oyasini olg’a surayotgan doktor Abdulla Abdullaga ovoz berishi mumkin.

Asadulla Volvolijiyning aytishicha, asosiy kurash mana shu ikki nomzod o’rtasida kechmoqda.

Uning fikricha o’tgan saylovlarda janubiy viloyatlarda ko’p ovoz olgan va jami 55 foiz ovoz to’plagan Karzayning pushtu elatdoshlari o’rtasida ham bo’linishlar bor.

"Karzay mamlakatda milliy birlikni ta’minlash uchun hatto qurolini tashlagan toliblar bilan ham murosa qilishga urinmoqda, ammo bu tashqi kuchlar roziligisiz mumkin emas",- deydi Asadulla Volvolijiy.

Amerika bu borada betaraf ekanini qayd etmoqda, lekin afg’on hukumatida korrupsiya va yulg’ichlik chuqur ildiz otganini tan oladi. Shu bilan birga Karzay hukumati bilan orani buzmoqchi ham emas.

XS
SM
MD
LG