O'zbeklar siyosatga intilmoqda, tuzum kelajagi savol ostida


Afg’onistondagi so’nggi saylovlar bu jamiyatning buguni va uning kelajakka ishonchi qanday ekanini aks ettirdi desak xato bo’lmaydi.

Saylov Tolibonning qonli tahdidlari ostida o’tdi. Biroq prezidentlikka va mahalliy kengashlarga nomzodlarning ko’pligi, saylov kampaniyasi qizg’in va raqobatli ruhda o’tgani, kuzatuvchilar fikricha, siyosiy faollikdan darak beradi.

Jarayonni yuzlab xorijiy vakillar kuzatdi. Nomzodlar internetdan tashviqot vositasi sifatida keng foydalandi. Saylov xalqaro matbuotda yaqindan yoritildi.

Afg’oniston Mustaqil Saylov Komissiyasining tan olishicha, ovoz berish jarayoni bexato o’tmagan.

Kimdir butun oilasi uchun ovoz bergan, yana kimdir birvarakayiga 2-3 varaqani to’ldirgan.

Ayrim uchastkalar esa odam kelmasa-da, keldi deb saylovchilar sonini bo’rttirib ko’rsatgan. Bunday hollar tekshiriladi va saylov natijasiga ta’sir qilishi tabiiy, deydi rasmiylar.

Faryob viloyati kengashiga saylanish umidida yurgan, nafaqat o’zbek jamoasi balki butun afg’on xalqiga xizmat qilishga bel bog’lagan fuqarolardan biri bu Halima Shevo bo’lib, mustaqil nomzod sifatida maydonga chiqdi. Prezidentlikka Hamid Karzayni qayta saylash uchun ovoz berdi.

“Hamid Karzay, nazarimda, o’tgan yillar ichida biz uchun ancha qayg’urdi va bundan keyin ham xizmat qilishda davom etadi. Bizga ko’p yordami tegdi bu odamning”,- deydi Halima Shevo biz bilan suhbatda.

Bu ayol 30 yildan beri o’qituvchilik qiladi va yangi jamiyat qurishni maorif sohasini yaxshilashdan boshlash kerak deb hisoblaydi. Faryob viloyat hokimiyatiga saylansa ta’lim va xotin-qizlar ahvoliga e’tibor qaratib, maktab va oliygohlar, kasb-hunar o’rgatuvchi maskanlarni rivojlantirishni maqsad qilgan.

Kobulda o’tirgan rahbarlarga jiddiy talab va takliflar bilan chiqish kerak, deydi Halima Shevo.

Bu jamiyatda ayollar huquqlari tinimsiz poymol etilishini, hatto saylovlarda xotin-qizlar ovoz berishi uchun alohida joylar ajratilganini hisobga olsak, erkaklar hukmron siyosiy doiralarga qadam qo’yishga qo’rqmaysizmi deya so’raymiz Halima Shevodan.

“Yo’q, qo’rqmayman. Men ham shu jamiyat a’zosiman axir”, - deya javob qiladi faol.

“Men ustozman. Xalqimga nima kerakligini bilaman. Erkin insonman. Millatim va yosh avlodimiz haq-huquqlari hurmat qilinishi, vatanim oldinga siljishi uchun harakat qilish - burchim",- deydi Halima Shevo.

"Umid qilamanki kelajagimiz yorug’ bo’ladi. Menga yanada ko’proq hissamni qo’shish uchun imkon bo’ladi”,- deydi u.

Afg’onistonlik o’zbek olimi Nazif Shahroniy nazarida Halima Shevo singari fidoiy insonlar juda ko’p, ammo mamlakatdagi hozirgi tuzum ularning buyuk ishlar qilishi uchun yo’l bermayapti.

“Afg’onistondagi saylovlar nafaqat bu xalq balki Amerika va butun dunyo uchun muhim. Gap shundaki afg’on xalqi siyosatni tushunadi, u nima ekanini biladi. Bizning muammo bu rahbarlarimiz va hokimiyatda o’tirgan kadrlar. Hukumat xalq uchun ishlasin desak tuzumni isloh qilish kerak. Aks holda Afg’onistonga tinchlik kelmaydi”,- deydi ziyoli.

Nazif Shahroniy Afg’onistonni kuchli federal tuzumga aylantirish kerak degan g’oyani ilgari surayotgan ziyolilardan. Mavjud 34 viloyat o’z-o’zini boshqarsin, deydi u. Toki mahalliy amaldorlar markazdan tayinlanmay, xalq tomonidan saylansin; har bir viloyat o’z iqtisodi va byudjetini o’zi yuritsin.

“Afg’onistonni do’st deb bilganlar, NATOmi, Amerikami, ular mana shu islohot amalga oshirilishini talab qilishi kerak. Asosiy qonunni yaxshilash kerak deb chiqishi lozim",- deydi Shahroniy.

"Axir mamlakat hozir ular qo’lida. Ularning qancha qancha puli ketayapti, odamlari o’layapti, qoni to’kilayapti”.

G’arb, deydi Nazif Shahroniy, bosim o’tkazishdan qo’rqmasligi kerak. Maqsad tinchlikka erishishmi, demak, o’zgarish qilish kerak.

"Bu afg’on xalqining azaliy istagi",- deya kuyunadi Nazif Shahroniy.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG