NATOning Afg'onistondagi muvaffaqiyatiga Yevropa to'siq


NATO bayrog'i ostida harakatlanayotgan xalqaro kuchlar Afg'onistonda Tolibonga qarshi shiddatli janglar olib bormoqda. Biroq kurashni samarali olib borish uchun resurslar doim ham yetarli emas. Bunga NATOga a'zo ba'zi Yevropa davlatlari tomonidan qo'yilayotgan cheklovlar sababchi.

NATOning Afg'onistonda xizmat qilayotgan 60 ming askari mamlakatning turli hududlarida harakat qiladi. Biroq ishning katta qismi janubdagi kuchlar zimmasida. Chunki toliblar aynan o'sha yerda o'ta faol. Ularga qarshi kurashishning o'ziga yarasha qiyinchiliklari bor va tahlilchilar bunda asosan ba'zi Yevropa davlatlarini ayblaydi. NATO tarkibiga qo'shin yuborgan barcha a'zo davlatlar ham askarlarining faol jangovar zonalarda bo'lishini istamaydi.

Londondagi Yevropa islohoti markazida NATO va Afg'oniston bo'yicha mutaxassis Tomas Valasekning aytishicha, jangarilarga qarshi operatsiya paytida NATO kuchlarining ba'zilari hukumatlari tomonidan qo'yilgan cheklovlarni pesh qilib, u yoki bu hududda jang qilishdan bosh tortadi.

"Ba'zilari hattoki harbiy bazadan uzoqlashishni yoki tunda jang qilishni istamaydi," deydi Valasek.

Bu esa, tahlilchiga ko'ra, NATO qo'mondonlariga operatsiyalarni rejalashtirishda qiyinchilik tug'dirmoqda.

"Ko'p millatli askarlardan iborat qismga qo'mondonlik qilsangizu, ularning barchasi turli qoidalar asosida harakatlansa, biron-bir strageyani ishga solish qiyinlashadi. NATO qo'mondonlari a'zo davlatlar tomonidan qo'yilgan cheklovlardan norozi," deydi tahlilchi.

Toliblar faoliyatini janubdan tashqari mamlakatning sharqiy va ancha tinch hisoblangan shimoliy hududlariga ham yoygan.

Bill Klinton prezidentligi davrida AQShning NATOdagi elchisi bo'lgan Robert Xanterning aytishicha, Afg'onistondagi operatsiyalar uchun mas'uliyat barcha a'zo davlatlar o'rtasida teng taqsimlanmagan.

"Ishning katta qismi AQSh, Britaniya, Gollandiya va Kanada qo'shinlari zimmasida. Talofatlarning aksariyati ham shu davlatlarga to'g'ri keladi. Estonlar, fransuzlar, polyaklar ham ancha faol, biroq qolgan davlatlar jangovar zonalarda deyarli qatnashmaydi," deydi sobiq elchi.
NATO askarlarining katta qismi Amerika harbiylaridan iborat. 30 ming atrofida. Bundan tashqari Qo'shma Shtatlar NATOdan mustaqil ravishda harakatlanuvchi 32 ming qo'shinga ega. Deyarli barchasi jangovar zonalarda.

Prezident Barak Obama yaqinda AQSh urush faxriylariga qilgan murojaatida Tolibonni yengish oson bo'lmasligini tan olgan.

"Bu tez yoki oson bo'ladigan ishmas. Uni oxirigacha yetkazishga majburmiz. Amerikaga 2001 yil 11 sentyabrida hujum qilganlar yangi xurujlar rejalamoqda. Buning oldi olinmasa, al Qoida Tolibon qo'ynidan turib kattaroq xurujga qo'l urishi mumkin. Bu urushga xalqimiz tinchligini o'ylab qo'l urganmiz," degan Obama.

Tahlilchilarga ko'ra, AQSh va qator Yevropa davlatlarining Afg'onistondagi urushga bo'lgan munosabatidagi farq ham shundan iborat. AQSh davlat xavfsizligi uchun muhim hisoblangan masala Yevropa jamoatchiligi uchun ikkinchi darajali mavzudir.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlilchisi Charlz Kupchanning aytishicha, masalan, Germaniya al Qoida unga hujum qiladi deb o'ylamaydi, demakki, german qo'shinlari vatanini terrorchilar tahdididan himoya qilayotgani yo'q.

"Shu sabab Germaniya hukumati o'z jamoatchiligini qo'shinlarining Afg'onistonda bo'lishi mamlakat xavfsizligi uchun zarur deya ishontira olmaydi. Boshqa Yevropa davlatlarida ham ahvol shu," deydi Kupchan.

Kecha AQShda o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijasiga ko'ra, hattoki amerikaliklar ham Afg'onistondagi urushdan foyda yo'q degan fikrga bormoqda. Bundaylar 51 foizni tashkil etmoqda.

Tahlilchi Charlz Kupchan fikricha, agar Afg'onistonda ahvol yomonlashsa, 2010 yilga borib prezident Obama og'ir ahvolga tushib qoladi. Afg'oniston urushini "Obamaning Vyetnami" deb atayotganlar "sizni o'shanda ogohlantirgan edik" deb ta'na qiladi.

NATO g'alaba qilishi uchun, deydi mutaxassislar, AQSh Yevropadagi hamkorlarini ko'proq hissa qo'shishga undashi lozim. Agar Yevropa NATOning kuchayishini istasa, Afg'onistondagi vazifani muvaffaqiyatli yakunlash zarur, deydi ular.

XS
SM
MD
LG