Gruziya MDHni tark etdi, boshqalar ham ergashadimi?


Gruziya MDH - mustaqil davlatlar hamdo`stligini rasman tark etgan. Tashkilot a`zosi boshqa a`zo davlatga urush ochib, yerlarini bosib oldi, o’zga yurtga qarashli hududlarni mustaqil deb e`lon qildi. Bunga toqat qilib bo’lmaydi deydi gruzin rasmiylari.

Gruziya tuzilmadan ketgach, MDH [a’zolar - Armaniston, Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, Moldova, Turkmaniston, Tojikiston, O’zbekiston] istiqboli haqida turli fikrlar yangramoqda. Tuzilma tarqalib ketishi ehtimoldan xoli emas, deydi ba’zi ekspertlar.

MDHning Belarus poytaxti Misnkdagi qarorgohi oldida endi Gruziya bayrog’ini ko’rmaysiz – mamlakat tuzilmaga a’zoligini to’xtatdi. Gruziya hamdo’stlikka eng oxirgi bo’lib, 1993 yilda qo’shilgan edi va birinchilardan bo’lib uni tark etdi.

O’tgan yilning avgustida Gruziya Janubiy Osetiyaga qo’shin tortgach, Rossiya qarshi hujum qilgan, tomonlar besh kun o’q almashgan edi.

Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha, Gruziya bir oz shoshilinch qaror qabul qilgan. Moskva bu ikki o’lka mustaqilligini tan oldi. Rossiyadan boshqa tashkilotni boshqa biror a`zosi Janubiy Osetiya va Abxaziyani mustaqil deb bilmaydi.

“MDH Gruziyani boshqa a`zolar bilan bog`lab turgan edi. Albatta, Rossiya agressiv harakat qilib, Janubiy Osetiya va Abxaziyani qo`shib oldi hisob. Buni Kosovo mustaqilligidan keyin G`arbga qilingan demarsh deb tushinish ham mumkin”, - deydi sharhlovchi.

2008 yilning 14 avgustida Gruziya parlamenti MDH doirasida uch bitimda ishtirok etmasligini ma’lum qilgan. To’rt kun o’tib, Gruziya Tashqi ishlar vazirligi tuzilmani a’zolikdan ketishi haqida ogohlantirgan. Hamdo’stlik qoidalariga ko’ra, qaror kuchga kirishi uchun 12 oy o’tishi kerak.

MDH nizomiga ko`ra, a`zo davlatlar suvereniteti, hududiy daxlsizligi hurmat qilinishi lozim. Rossiya- Gruziya urushi davomida MDH biror keskin pozitsiya bildirmagan. Tbilisi esa tashkilotga a’zolikdan naf yo’q, degan xulosaga kelgan.

“MDH siyosiy kuch emas. U yerda faqat Rossiya hukmron, qolganlar esa faqat qaram”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Mutaxassislar nazarida MDHdan xafsalasi pir bo’lgan Gruziya endi bor e’tiborni AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO bilan hamkorlikka qaratadi. Rossiya fikricha esa bu qaror Gruziyaga zarar qilishi mumkin.

Gruziya ketib, MDH istiqboli haqida turli mulohazalar bildirilmoqda. Ekspertlar taxminicha, tuzilma tarqalib ketishi hech gapmas. Kreml bu quruq vahima, deydi.

MDH safida muammolar ko`p. Bugun Rossiya-Ukraina aloqalari ancha ziddiyatli. Kreml Ukrainani aksilrus siyosatda ayblamoqda. Tahlillarga ko`ra, Kavkaz ssenariysi Ukrainada takrorlanishi mumkin.

“Ko`p davlatlar tushinib qoldi - Rossiya tomondan qurolli hujum bo`lishi mumkin. Navbat Ukrainaga. Ukraina chegaralarini mustahkamlamoqda. Rossiya Gruziyada o`ziga maqul odamni rahbar qila olmaydi, Ukrainada ham shunday. G`arb Rossiyaning maqsadi qanday ekanini tushunib yetishi kerak”, - deydi sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov.

Toshkent va Kreml munosabatlarida ham sovuqlik sezilmoqda. Qirg’iziston-O`zbekiston chegarasida Rossiya harbiylari joylashadi degan xabar O’zbekiston hukumatiga ma’qulmas. Rasmiy Toshkent buni nizo va ektremizmni qo`zg`atuvchi omil deb baholamoqda.

“Rossiya o`z hukmini o’tkazish uchun mintaqa davlatlarini biri-biriga qarshi qo`yishi mumkin”, - deydi ekspert Fahriddin Nizomov.

Tahlillarga ko`ra, sobiq ittifoq davlatlari iqtisodiy-siyosiy sohada Rossiyadan umidi katta edi. Biroq bu orzu-rejalar o’zini oqlamagan. Shu bois Kreml harbiy sohaga e’tiborni kuchaytirmoqda.

XS
SM
MD
LG