O'zbekistonda Ramazon oyi rasmiy qutlovsiz boshlandi


Hay yillik dabdaba qayoqda qoldi?

Muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan qator davlat yetakchilari, jumladan AQSh prezidenti Barak Obama islom dunyosiga tabrik yo'lladi.

O'zbekiston musulmonlari uchun ro'za oyi rasmiy qutlovsiz boshlandi.

So'nggi paytda hukumat va dindorlar o'rtasida munosabatlar ancha taranglashgan.

Dunyoviy tuzumga ega O'zbekistonda aholining taxminan 90 foizi o'zini musulmon deb biladi. Qonun va erkinlik ustuvorligini ta'minlash har bir jamiyatda eng nozik masala. Huquqni hurmat qilish va xavfsizlik asrash ancha shu tamoyillarga asoslanishi lozim.

Hukumat diniy ekstremistik oqimlar faollashayotganidan xavotir bildirsa, muxolifat nazarida diniy aqidaparastlik kuchayishining asosiy sababi bu erkinlik yo'qligi va iqtisodiy nochorlik.

Yaqinda Toshkentda taniqli imomlarga qasd qilingani vaziyat keskinlashganidan darak beradi, deydi jamoatchi faollar.

Musulmonlar idorasi Ramazon boshlanishi munosabati bilan har yilgi an'anaviy matbuot anjumanini o'tkazmadi. Axborot vositalarida bosh muftiyning tabrigi yangramadi.

“Har yili Ramazon arafasida jurnalistlar bilan uchrashuv tashkil qilinib, ro`za avvalida tavsiyalar berilar edi. Bu yil bo`lmadi, sababini bilmadim. Lekin juma namozida muftiy hazratlari musulmonlarga tavsiya, tabrik bildirdi”, - deydi namozxonlardan biri.

Ro'za qachon boshlanib, qachon tugashi mavhum edi

Farg'onalik tahlilchi Abdusalom Ergashevning aytishicha respublikada so`nggi kunlarga qadar ham ro`za oyi qaysi kun boshlanishi noma'lum edi. Ulamolar biror aniqlik kiritmadi.

“Butun musulmon dunyosida Ramazon 21 avgustda boshlanishi e'lon qilindi, hatto qo`shni davlatlarda ham. O`zbekistonda esa 22 avgustdan hisoblandi. Hadisda hammasi oyga qarab belgilangan. Bir jug`rofiy kenglikda yashaydigan mamlakatlarda oy har xil botishi mumkin emas”, - deydi Abdusalom Ergashev.

O`zbekiston televideniyesida har juma kuni ketadigan diniy ko`rsatuv Ramazon oyiga bag`ishlandi. Unda qatnashgan ulamolar Ramazon oyi fazilatlari va bu davrda mo`min-musulmonlarning duolari ijobat bo'lishi haqida gapirdi. Shuningdek, ko`rsatuvda ro`za namoziga yosh bolalarni jalb qilishdan chekinishga chaqirildi.

Islom siyosiy kuch sifatida yuzaga chiqishi mumkin

O'zbekistonda diniy yoki siyosiy harakatga birlashish taqiqlangan. Hukumat diniy radikalizm kuchayishidan hadikda va tazyiqlarga zo'r bermoqda.

Mustaqillik yillarida, ayniqsa 1990-yillar oxiridan beri minglab fuqarolar terrorizm, aqidaparastli va tuzumga qarshi jinoyatlarda ayblanib qamoqqa tashlangan.

Bugun, deydi kuzatuvchilar, mamlakatda islomning siyosiy kuch sifatida yuzaga chiqishi uchun barcha asoslar mavjud. Islomga nisbatan hukumat pozitsiyasi ko'proq tazyiqlardan iborat ekani musulmonlarda noxush taassurot qoldirmoqda. Dunyoviy jamiyatda o'z o'rnini topolmagan yoshlar esa dinga berilmoqda.

“Yoshlarning dinga intilishi kuchli. Islomga azaldan muhabbat kuchli bo'lgan. Bobolarimiz e'tiqod qilib kelishgan. Diniy tashkilotlar yo'qligi dindorlar siyosatga befarq degani emas. Bizda siyosiy elita ma'qullagan narsa bo'ladi. Aholi xohishiga qaralganda, boshqacharoq bo'lardi”, - deydi namozxon.

Hukumat nafaqat diniy muxolifatga qarshi, balki dunyoviy muxolifatga ham toqat qilmaydi. Erkin fikrlamaydigan jamiyat tubanlik tomon yo'naladi, deydi huquq himoyachilari.

“O'zbekistonda diniy muxolifat kuchli. Shu bois doimiy tazyiqlar ostida. Bu umumiylikni kasb etadi, ya`ni ma`lum bir ijtimoiy-siyosiy obro'ga. Men islomiy g'oyalarni olg'a surayotgan shaxslarni nazarda tutayapman. Ularning aytishicha, bunga ekstremizmda ayblanayotganlar, norasmiy diniy oqimlardagi odamlar va oddiy musulmonlar ham kiradi. Umuman keyingi paytda dunyoviy muxolifatning katta qismi islomiy muxolifat bilan birlashmoqda”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Salkam 20 yildan buyon millatga tadqim etib kelinayotgan mustaqillik mafkurasi, ayrim ziyolilar xulosasiga ko'ra, bugun o'z mazmun-mohiyatini yo'qotgan.

“Ma'naviyat va ma'rifat markazi faqat demagogiyadan iborat bir mavhum tashkilotga aylangan. Xalqqa biron voqea mazmunini tushuntirib beradigan odam yo`q. Odamlarning buguni va ertasini, yeydigan nonini kafolatlab beruvchi narsa bormi? Keyingi 20 yil ichida, masalan, ishsizlar soni ko'paysa ko'paydiki, kamaymadi”, - deydi tarixchi olim Fayzulla Isxoqov.

Islom haqida maktabda o'git bergan ma'qul

Ziyolilar fikricha yosh avlod ongi sog'lom bo'lsin desak, maorif va ta'lim sohasini yaxshilab, ular birdek diniy va dunyoviy bilim berish kerak.

“Ko'pchilik yoshlar O'zbekistonning kechagi tarixini bilmaydi, o'qimagan. Ularni yo'ldan urish oson. Ish topolmay yurganlarning hech bo'lmaganda o'ndan biri hamma narsaga qo'l urushi mumkun. Dinni niqob qilib olgan shaxslar bundan foydalanmoqda. Ular bir aniq tashkilot emas. Mavhum kuchlar. Ular odamlarni o'z maqsadlari yo'lida xohlagan paytda yollashi mumkin, xuddi mardikorlarni yollagani kabi”, - deydi olim.

Namozxon yoshlar nazarida hukumat dindan qo'rqmasligi, aksincha, islomga imkon qadar yaqinlashishi kerak.

“Yoshlarni islomdan qochirish kerak emas, ularga haqiqiy islomni berish kerak. Boshqa oqimlar ta`siriga tushmaslik uchun islomni butun mohiyati bilan o'rgatish kerak”, - deydi o'zbekistonliklardan biri.

Tojikiston umumta'lim maktablarida shu yildan boshlab islom asoslari haqida dars o'qitiladi. Asosiy maqsad yoshlarga islom haqida ma'lumot berish va bu yo'l bilan ularning diniy oqimlarga qo'shilishining oldini olish.

Bu tashabbus O`zbekistonda ham muhokama qilingan, biroq amalga oshmagan.

“Agar O`zbekistonda shunga o`xshash darslar o’qitilsa, hukumat xavotirlariga o`rin qolmagan bo`lardi. Hozir kasalxonada davolanayotgan Anvar qori, boshqa ulamolar ham islom asoslarini matkabda o`rgatish zarur deb chiqishgan edi”, - deydi bir namozxon.

Tahlilchilar fikricha, O`zbekistonda dunyoviy davlat talablari amalga oshmadi. Inson huquqlari, siyosiy erkinlik tazyiq ostida qoldi. Boylar va qashshoqlar o`rtasida farq keskin. Jamiyatning o`zgarishlarga ehtiyoji esa hukumat tomonidan inobatsiz qoldirilmoqda.

Xalqaro hisobotlarda O`zbekiston vaziyat qaltis, ekstremizm xavfi kuchli bo`lgan davlat sifatida qayd etiladi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG