AQSh Adliya vazirligi razvedkani taftish qilmoqda


AQSh Adliya vaziri Erik Xolder Jorj Bush prezidentligi davrida mahbuslarga nisbatan qo'llanilgan so'roqqa tutish usullari bo'yicha yangi tergov ochishga buyurgan. Markaziy Razvedka Boshqarmasi ishini taftish qilish uchun maxsus prokuror tayinlangan. Jon Durxemga terrorizmda gumon qilinib hibsda saqlangan shaxslarni so'roqqa tutishda qonundan chetga chiqish hollarini aniqlash vazifasi yuklangan.

Boshqarma tomonidan chop etilgan hisobotga ko'ra, uning ba'zi tergovchilari mamlakat xavfsizligiga doir muhim ma'lumotlarni olish maqsadida mahbuslarga nisbatan noqonuniy usullarni qo'llagan bo'lishi mumkin. Biroq, deyiladi unda, bu kabi usullar foyda bermagan.

Oq uy matbuot kotibi Bill Burtonning aytishicha, Obama ma'muriyati terrorchilik faoliyatiga aloqador muhim mahbuslarni so'roqqa tutish uchun yangi maxsus tergov guruhini tuzgan.

"Unga har bir razvedka boshqarmasining eng iqtidorli tergovchilari jalb qilinadi," deydi Burton.

Uning aytishicha, Markaziy Razvedka Boshqarmasi mahbuslarni so'roq qilishda davom etadi, ammo Federal Qidiruv Byurosi rasmiysi rahbarligida va Davlat xavfsizlik kengashi nazorati ostida. Kengash bevosita prezidentga hisobot beradi.

Bush prezidentligi davrida mahbuslarning qiynoqqa solingani aniqlangan bo'lsada, hozircha hech bir sobiq rasmiy javobgarlikka tortilmagan.

Oq uy vakilining aytishicha, Bush ma'muriyati buyurgan so'roq usullaridan chetga chiqmagan rasmiylar jazolanmaydi.

"Ammo oxir-oqibatda qarorni adliya vaziri chiqaradi," deydi Bill Burton.

Vazir Xolder tomonidan tayinlangan maxsus prokuror Jon Durxem ishga kirishib, so'roqlar tasvirlangan videokassetalarning yo'q qilinishini taftish qilmoqda.

Obama ma'muriyatining o'tmishdagi razvedka amaliyotlarini tergov qilishi ba'zilar fikricha AQSh razvedka tizimini zaiflashtiradi.

XS
SM
MD
LG