Breaking News

Tamaki va alkogol Rossiyani nobud qilmoqda


Yangi izlanishlar natijasiga ko'ra, Rossiyada har yili bir millionga yaqin odam tamaki va spirtli ichimliklar iste'moli bilan bog'liq kasalliklardan nobud bo'ladi. So'nggi bir necha yil ichida Rossiyadagi o'lim hollarining yarmiga spirtli ichimliklar sabab bo'lgan, deydi tadqiqotchilar. Aholi orasida tug'ilishdan ko'ra o'lim hollarining ko'pligi rasmiylarni xavotirga solmoqda.

Jahon sog'liqni saqlash tashkilotiga ko'ra, rossiyalik erkaklar o'rtacha 60 yoshgacha umr ko'rar ekan. AQShda esa bu ko'rsatkich 75 yoshni tashkil qiladi. BMT hisobicha, Rossiya aholisi yiliga yarim foiz sur'atda kamaymoqda.

Britaniyada chiqadigan Lanset tibbiy jurnalida chop etilgan izlanish natijasiga ko'ra, buning negizida tamaki va alkogol yotibdi.

Sog'liqni-saqlash masalalari bilan shug'ullanuvchi Moskvadagi nodavlat tashkilot xodimi Andrey Deminning aytishicha, mamlakatda demografik inqiroz kuzatilmoqda va bundan Rossiya kelajagi tahdid ostida.

Demin ta'biricha, o'rta hol rossiyalik yiliga 50 shisha aroq iste'mol qiladi. Tamaki va arzon spirtli ichimliklarning har qadamda sotilishi bunga sabab, deydi u.

Moskva kiosklarida bir quti sigareta 30 sent yoki o'zbek so'miga o'girganda 400-500 so'm turadi, pivo esa bir dollarga ham yetmaydi, ya'ni plastik shishalarda sotiladigan suvdan ham arzon.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev aholi sog'lig'ining yomonlashayotganini davlat xavfsizligiga tahdid deb ta'riflagan. Andrey Demin o'z navbatida tamaki mahsulotlari va spirtli ichimliklarga nisbatan aksiz solig'ini ko'tarmayotgan Bosh vazir Vladimir Putinni ayblaydi.

"Putin prezidentligi paytida demografik chekinishni jamiyat uchun birinchi raqamli muammo deb atab, uni hal qilishga va'da bergan edi, biroq shundan beri hech narsa o'zgargani yo'q," deydi Demin.

Sog'liqni saqlash vazirasi Tatyana Golikovaning aytishicha, alkogol va tamakiga soliq asta-sekin ko'tarilishi kerak.

"Soliqni keskin ko'tarib bo'lmaydi. Ijtimoiy oqibatlarini o'ylash kerak. Bu ish bosqichma-bosqich qilinishi kerak," deydi Golikova.

Sovet rahbari Mixail Gorbachyov 1980 yillarda Sovet Ittifoqida ichishga qarshi keskin choralar ko'rganida uning obro'si tushib ketgan edi.

Hozirgi hukumat hozircha ichish va chekish zarari haqida targ'ibot ishlari bilan cheklanib, rossiyaliklarni salomatligini asrashga da'vat etmoqda.

XS
SM
MD
LG