Afg'oniston - prezident Obama uchun bosh og'riq


Afg'oniston kelajagi va AQShning terrorga qarshi kurash samarasi mavhumlashib borar ekan, prezident Barak Obama murakkab vaziyatga tushib qolgan.

Bir tomondan u Afg'onistonga qo'shimcha harbiy jo'natishni talab qilayotgan generallar bilan orani buzmoqchi emas, boshqa tomondan esa mamlakatdagi zo'ravonliklardan to'ygan partiyadosh qonunchilar ta'bini xira qilgisi yo'q. Har ikki guruh Obamaga juda kerak, deb yozadi "Vashington Post" gazetasi.

Yaqin kunlarda AQShning Afg'onistondagi qo'mondoni general Stenli Makkristal Obama ma'muriyatiga mamlakatdagi vaziyat bo'yicha hisobot berishi kutilmoqda. Gazetaga ko'ra, general qo'shimcha askarlar so'rashi tabiiy. Ayni damda AQSh Afg'onistonda 62 ming askarga ega. Yil oxirigacha ularga yana 6 ming zobit qo'shiladi.

Bu qonunchilarga manzur emas, chunki zo'ravonliklar kuchayib, amerikalik harbiylar talofati ortib bormoqda. Joriy yilning sakkiz oyida o'tgan yilga qaraganda 17 nafar ko'p AQSh askari halok bo'lgan.

Viskonsin shtatidan senator Rassl Feyngold qo'shinlarni Afg'onistondan chiqarishga Oq uydan aniq muhlat belgilashni so'ramoqda. Askarlarni Afg'onistonga tinmay safarbar etish bilan muammo hal bo'lmaydi, deydi demokrat qonunchi.

Prezident Obamaning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Afg'onistonda o'z xavfsizligi uchun kurashmoqda. Aks holda, deydi u, al Qoida kabi guruhlar kuchayib, AQShga qarshi yangi xurujlar uyushtirishi mumkin.

Urushga nisbatan munosabat nafaqat ba'zi demokrat qonunchilar, balki jamoatchilik orasida ham salbiy tomonga o'zgarmoqda. Yangi ijtimoiy so'rov natijalari bundan dalolat berib turibdi.

Ba'zi qonunchilar Karzay hukumatini to'g'ri siyosat yurita olmayotganlikda, Obama ma'muriyatini esa Hamid Karzayga yetarlicha bosim o'tkazmayotganlikda ayblamoqda. Yaqinda Afg'onistonga safar qilgan senator Sherrod Braunning aytishicha, u mamlakat rahbariyati bilan uchrashib, Amerikaning sabr-kosasi to'layotganini, Afg'oniston hukumati qator sohalarda olg'a qadam tashlashi kerakligini yetkazgan.

"Vashington Post" gazetasidagi maqolaga ko'ra, qo'shinlar sonini oshirish g'oyasini respublikachilar yakdillik bilan qo'llab-quvvatlaydi. Biroq ular bilan demokratlarning atigi 20 foizi hamfikr xolos.

AQSh qonunchilari va siyosatchilari saylov natijalarini kutmoqda. Chunki Amerika siyosati kim prezident bo'lishiga qarab ham qisman o'zgarishi mumkin. So'nggi ikki kun ichida saylov komissiyasi natijalarning 17 foizini ma'lum qildi. Biroq bugun ma'lum bo'lishicha, saylovlar natijalari shanba kungacha e'lon qilinmay turadi. Ba'zi xabarlarga ko'ra, ovozlarni hisoblash jarayoni texnik sabablar bois juda sust kechmoqda.

Olingan 17 foiz ovozlarga ko'ra oldinda hozircha amaldagi prezident Hamid Karzay ketmoqda. 43 foiz bilan. Uning asosiy raqibi Abdulla Abdulla hisobida esa 34 foiz ovoz bor.

Afg'on jurnalisti Nabi Misdaqning aytishicha, natijalarning saylov bo'yicha tushgan shikoyatlar taftish etilmasidan oldin e'lon qilinmayotgani ijobiy hol.

"Jami 200 dan ziyod shikoyat tushgan. Saylov kartochkalari 8 dollardan pullangan. Abdulla Abdulla va Hamid Karzay tarafdorlari birday qalloblik qilgan. Ushbu muammolar hal etilmas ekan, Erondagi vaziyat takrorlanishi mumkin," deydi Misdaq.

Amerikalik jurnalist Roy Gutmanning aytishicha, shu kungacha e'lon qilingan raqamlar asosida kim g'olib chiqishini bashorat qilish qiyin.

"Albatta, prezident Karzay qo'lida saylov natijalariga ta'sirini o'tkazishi mumkin bo'lgan davlat apparati bor. Abdulla Abdulla Kobulda matbuot anjumani o'tkazib unda ovozlarni soxtalashtirish hollari tasvirlangan videolentani namoyish etdi. Agar Karzay yirik farq bilan g'olib chiqsa, bu katta noroziliklarga sabab bo'lishi mumkin," deydi Gutman.

Qisman BMT tomonidan tayinlangan shikoyatlarni taftish qiluvchi komissiya ishini to'xtatgani yo'q. Xavfsizlik kuchlari esa jangarilarga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Paktika viloyatida kasalxonaga muolaja olgani borgan Tolibon qo'mondoni olti soatlik otishmadan so'ng besh jangarisi bilan birga qo'lga tushgan. Otishma paytida 12 tolib va bir NATO askari o'lgan.

Bugun shuningdek ikki xurujda ikki nafar amerikalik askar halok bo'lgan. Shimoldagi Qunduz shahrida bomba portlashidan mahalliy rasmiy o'lgan. Janubdagi Qandahor shahrida raketa portlagan, ammo qurbonlar yo'q.

XS
SM
MD
LG