Ramazon oyida Amerika musulmonlari Qur'on ulashmoqda


Muqaddas Ramazon oyida Amerika musulmonlari o’z dini, madaniyati, urf-odatlari bilan o’rtoqlashadi. Jamoalar birga iftorlik qiladi.

Amerikaning turli chekkalarida islom tarixi, musulmonlarning bu jamiyatdagi roliga bag’ishlangan tadbirlar o’tmoqda. Qur’on kitobi ommaga tarqatilmoqda.

Oddiy amerikaliklar bilan suhbatlashsangiz, ayrimlari islom asosida zo’ravonlik yotadi deydi. Ba’zilar musulmonlar haqida deyarli bilmaydi, bu dinning mohiyatini tushunmaydi. Yana ayrimlar esa "Musulmonlardan qo’rqaman", deydi.

2001 yilda sodir etilgan terroristik xurujlar ketidan Amerikada islom dini haqidagi tasavvur ancha salbiylashgan desak xato bo’lmaydi.

Vashingtondagi Amerika-Islom Aloqalari Kengashi bu din haqidagi tushunchalarni to’g’rilashga bel bog’lab, yaqinda yangi kampaniya boshladi. Tadbir doirasida Amerika jamoat arboblari va tashkilotlarga 100 ming dona Qur’on kitobi tarqatiladi.

Prezident Barak Obama shu yilning iyun oyida Qohiradan turib musulmon dunyosiga murojaatida Qur’onni tilga olgan.

“Bir-birimizni tinglashimiz, o’rganishimiz, bir-birimizni hurmat qilib, murosani odat qilishimiz kerak. Muqaddas Qur’onda yozilganidek: Xudoni tan olib, faqat haqiqatni so’zlamoq kerak”, - deydi Obama.

Amerika-Islom Aloqalari kengashi ijrochi direktori Nihad Avadning aytishicha, bu mamlakatda ko’pchilik islom dini mohiyatidan bexabar, uni noto’g’ri talqin qilishadi.

“Obama Qur’ondan ko’plab misollar keltirdi. Inson hayoti bebaho ekani, irqiy tenglik va bag’rikenglik, faqat haqiqatni so’ylash to’g’risida”, - deydi Nihad Avad.

Tashkilot oldiga qo’ygan maqsadlardan biri mahalliy hokimiyat, qonunchilar, siyosatchi arboblar, axborot vositalari va jamoat yetakchilari bilan bog’lanish.

"Qur’onni ular bilan bo’lishamiz", - deydi Nihad Avad, "toki islom dini haqida shov-shuv gaplar emas, kitobdagi misralar asosida xulosa qilishsin".

“Qur’on nimalarni targ’ib qilishi haqida odamlar o’zlari o’qib ko’rishsin. Islomda inson hayoti qadrlanadi, mehr-muruvvat va boshqa din vakillariga hurmat, tinchlik, mehnatsevarlik madh etiladi”, - deydi u.

“Qur’onni bo’lishing” nomini olgan kampaniya uzoq muddatga mo’ljallangan bo’lib, unga musulmon tashkilotlari homiylik qilmoqda. Kitoblar arab va ingliz tillarida, qo’shimcha izoh bilan.

Islom haqida axborot ulashish maqsadida o’tkazilayotgan yana bir tadbir musulmonlarning Amerika jamiyatidagi roliga nazar tashlaydi.

Tadqiqotchi Amir Nashid ochgan ko’rgazma AQShda 1700-yillardan beri istiqomat qilayotgan musulmon aholi, muhojirlik tarixi haqida hikoya qiladi.

“Biz bu jamiyatning ajralmas qismimiz. Bu rad etib bo’lmaydigan fakt. Tarixiy hujjatlar, qo’lyozmalar, bu mamlakatdagi qabristonlar bunga guvoh”, - deydi Amir Nashid.

Amerikada musulmonlar qariyb 7 million. Ramazon oyi islom dini haqida ko’proq o’rganish, madaniyat va urf-odatlar bilan o’rtoqlashish uchun imkoniyat.

XS
SM
MD
LG